«Jasoratim yerda qolmaydi, men haqimda asar yoziladi», degan jangchining jasoratini Oxunjon Hakimov ro‘yobga chiqardi

1939 yil, bahorning seryog‘in kunlaridan birida galabeklik Boboyor ham tengdoshlari qatori harbiy xizmatga yo‘l oldi. Nurobodning keng dashtu dalalarida qo‘y boqib yurgan yigit cho‘pon tayog‘ini qurolga almashtirib, Ukrainaning Odessa shahri aeroportini uch yil qo‘riqladi. Endi ota-onasi, qarindosh-urug‘lari bag‘riga qaytaman, deb turganida Ikkinchi jahon urushi boshlandi.

Harbiy xizmatda olgan tajribasiga tayangan holda jangga kirdi. Boshida «Fashistlarni tezda yer tishlatib, onajonim bag‘riga qaytaman», deya o‘ylagandi. O‘ylaganlari xomxayol ekan. Stalingrad ostonalarini qo‘riqlashda, Belorussiya fronti, Polsha, Boltiqbo‘yi mamlakatlarida o‘tgan qirg‘inbarot janglarda o‘lim sharpasini ortmoqlab kezdi, yirik shaharlar, qishloqlarning vayrongarchiliklariga, go‘daklar yig‘isi-yu, minglab odamlarning qontalash jasadlariga guvoh bo‘ldi. Yuzlab quroldosh do‘stlaridan ayrildi.

Bir safar dushman samolyoti yog‘dirgan bombalar ostida qolib, harbiy gospitalga tushdi. Gospitalda yotgan kunlarning birida radioda Mulla To‘ychi hofiz ashulalaridan birini qo‘yishdi. Vatan sog‘inchi ustun kelib, radioni o‘chirib qo‘ygan boshqa millat vakillari bilan mushtlashishdan ham toymadi.

Janggohlarda nevrit (asab tizimi yallig‘lanishi) kasalligiga chalinsa-da, harbiy komissariat uni yana urushga jo‘nataverdi. 1945 yil 9 may g‘alaba bayrog‘i Reyxstagga tikilganda ham unga uyga qaytishga ruxsat berilmadi. O‘zbekning oriyatli yigiti Boboyor 1947 yilgacha Germaniyadagi harbiy qismlarda xizmat qilib, og‘ir qurilish ishlariga jalb qilindi.

- Otam 1947 yilning oxirida ona yurtiga qaytgach, aravakashlik, cho‘ponlik, qorovullik bilan shug‘ullandi, - deydi Ernafas Ismoilov. – Keyinchalik Kattaqo‘rg‘on tumani «politchasti» topshirig‘iga binoan qishlog‘imiz yigitlarini harbiylikka tayyorlash ishlari bilan shug‘ullandi.

«O‘jarligim sabab urushda olgan ordenu medallarimdan mahrum etilganman. Aslida urushning eng dahshatli hududlarida jang qilganman. Bu mehnatim bir kun kelib ro‘yobga chiqadi. Men haqimda kitob chiqishi kerak», derdi Boboyor bobo qarigan chog‘ida o‘g‘liga.

- Otam 1988 yilning iyun oyida vafot etdi, - deydi Ernafas muallim. – 1990 yil maktab kutubxonasidagi kitoblarni varaqlar ekanman, farg‘onalik adib, O‘zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimovning «Sharq o‘g‘lonlari» dostoni qo‘limga tushib qoldi. Voajab, dostonda Boboyor jangchi va uning safdoshlarining qahramonliklari haqida bayon qilingandi:

…Changu to‘zon orasida 

Yana ko‘rindi tanklar.

- Tayyorlaning! Boboyorning

Buyrug‘i jaranglar.

 

…Pulemyot sayrar, miltiqlar ham

Tinim bilmay varanglar.

- Fashist dumin qildi xoda,

Og‘aynilar, qaranglar!

 

Deb Boboyor qilar xitob

Sig‘mas go‘yo etiga,

…Omon qolgan bir tank shitob

Tisarilar ketiga…

Ushbu doston Stalingrad bo‘sag‘alarida muhim bir tepalikni himoya qilib, jasorat ko‘rsatgan, o‘nlab dushmanni qirib tashlagan 11 jangchi – 9 o‘zbek, bir qozoq va tatardan iborat jangovar guruhning qahramonliklariga bag‘ishlangan edi. Dostonda otamning ismi 12 bor tilga olingan.

Mazkur kitobni shu paytgacha asrab yurdim. Shu yilning boshida otamni tarix sahifalariga kiritgan shoir bilan suhbatlashish orzusida Farg‘ona tomon yo‘l oldim. Ammo Farg‘onaning Log‘on qishlog‘idan shoirni topolmadim. Toshkentda yashayotgan ekan.

…Oxunjon Hakimning uyida mehmon bo‘lib, bir oqshom otam haqida, o‘zbek o‘g‘lonlarining Ikkinchi jahon urushi yillari qilgan mardonavor janglari, ko‘rsatgan jasoratlari haqida ko‘p va xo‘p gaplashdik. Shoir otamning vodiylik quroldosh do‘stlari bilan qilgan suhbatlari asosida «Sharq o‘g‘lonlari» dostonining yozilishi tarixi xususida so‘zlab berdi. Padarimning o‘lim oldi «Jasoratim yerda qolmaydi, men haqimda asar yoziladi», degan gaplarini eslaganim sari ruhim tetiklashib Samarqandga qaytdim:

- Rota! O‘t och! Bir esini

Tanib olsin bu badkor!

Deya pulemyot tepkisin

Bosdi yana Boboyor!

Abdug‘ofur ShERXOLOV.