Ilm-fan va ta’limga bag‘ishlangan hayot

Mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan zamondoshimiz, taniqli samarqandlik matematik Sharof Yarmuhamedov “Muammoli nazariyasi” maktabining yorqin vakili edi. Bugun Sharof Yarmuhamedov hayot bo‘lganida 85 yoshni qarshilardi.
Sh.Yarmuhamedov 1932 yil 20 dekabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ildi. 1951 yilda 5-sonli o‘rta maktabni tugatib, O‘zDUning fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetni tugatgandan so‘ng, o‘z faoliyatini matematik tahlil kafedrasida assistent sifatida boshladi.
Sharof aka 1959-1962 yillarda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining funksiyalar nazariyasi va funksional tahlil kafedrasida taniqli professor M.A.Yevgrafovning ilmiy rahbarligi ostida aspiranturada tahsil oldi.
1968 yilda yosh olim “Garmonik funksiyalarning fazoda o‘sishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va Samarqandga qaytib keldi. Dastlab u Samarqand davlat universiteti hisoblash markazining rahbari, so‘ngra funksional tahlil kafedrasi dotsenti, katta ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritdi.
Sh.Yarmuhamedov 1983 yil iyun oyida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shundan so‘ng olim hayotida yangi bosqich boshlandi. Uning ilmiy seminarlarida ko‘plab yangi g‘oyalar va mavzular shakllana boshladi. Uning yettita talabasi keyinchalik nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilib, fan doktori bo‘ldi.
Sh.Yarmuhamedovning ilmiy xizmatlari keng e’tirof etildi. U O‘zbekiston matematiklar jamiyati prezidiumi a’zosi, Samarqand filialining raisi va Xalqaro matematiklar jamiyatining a’zosi bo‘ldi.
1985 yilda Sharof Yarmuhamedov universitetning mexanika-matematika fakulteti dekani vazifasida mehnat qildi. Intizomli va talabchan rahbar jamoada hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ko‘plab shogirdlarga ustozlik qilib, o‘zidan yaxshi nom qoldirdi.
Sharof aka oilada ham munosib ota bo‘lib, to‘rt o‘g‘ilni tarbiyaladi. Uning farzandlari bugungi kunda xalq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyat yuritib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqda. Nabirasi Spitamen bobosi ishining haqiqiy davomchisi, u hozirda AQShning Sietl shahridagi Vashington universitetining doktoranturasida o‘qiyapti.
Akram Begmatov,
Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti dekani, professor.