Ilm izlab, ziyo ulashgan olima

Inson dunyoga kelib qancha yashashi bilan emas, balki hayotda o‘zidan qanday iz qoldirgani bilan xotirlanadi. Insonning el-yurtga nechog‘lik nafi tekkani hayotligida ham, bu yorug‘ dunyodan o‘tganidan keyin ham insonlarning qalbida yashayveradi.
Samarqand davlat universiteti dotsenti, Samarqand fiziologlar ilmiy maktabining asoschisi Sofya Abayeva tavallud topganiga 105 yil, ilmiy-ijodiy va ijtimoiy faoliyatiga 85 yil to‘ldi.
S.Abayevaning ta’lim-tarbiya va ilmiy sohadagi ishlari ibratli. U hamisha inson qalbida yangidan-yangi g‘oyalar uyg‘onishi uchun o‘qigan, izlangan.
Sofya Saidovna 1939-1983 yillarda Samarqand davlat universitetida assistent, dotsent, kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimlarida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatgan. Bu vazifalarda layoqatli rahbar va tashkilotchi sifatida namoyon bo‘lib, universitetda samarali ilmiy-ijodiy muhitni tashkil qilishga erishdi. Fiziologlar ilmiy maktabiga asos solindi.
Olima ilmiy ishlarining ro‘yxatini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratdi. O‘sha yillari kafedra, fakultet yangi jihozlar bilan ta’minlandi. Ilmiy izlanishlar va o‘quv jarayonlari uchun maxsus laboratoriyalar tashkil etildi. Fakultetga malakali o‘qituvchilarni ishga taklif qilib, ularga sharoit yaratib berishda jonbozlik ko‘rsatdi. S.Abayeva yosh mutaxassis va olimlarni tarbiyalash, ularning malakasini oshirishga alohida ahamiyat berdi.
Olima Moskva, Leningrad, Kiyev, Novosibirsk kabi shaharlarda tashkil etilgan konferensiya, simpoziumlarda shogirdlari hamda mutaxassislar bilan birga ma’ruzalar bilan ishtirok etdi. Olimaning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijalari mikroelementlardan foydalanish, g‘o‘zaning turli ekstremal sharoitlarga chidamliligini oshirishda mikroo‘g‘itlarni qo‘llashga oid ma’lumotlar 100 dan ortiq maqolalarda aks ettirildi.
S.Abayeva bir nechta loyihalarga rahbarlik, bir qator mahalliy va xorijiy loyihalarga maslahatchi sifatida faoliyat ko‘rsatib, ilm-fan va ishlab chiqarishning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdi. Olima rahbarligida boshqarilgan “tog‘ xomashyosi chiqindilarining paxtachilikda qo‘llanilishi” sohasidagi ishlari xalqaro miqyosda e’tirof etildi va S.Abayevaga kumush medali taqdim etildi.
Olima kafedrada aspirantura ochdi va barcha o‘qituvchilarni ilmiy ishlarga jalb etdi. U kishi rahbarligida A.Narziqulov, Q.Ravshanov, J.Xo‘jayev nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffiqiyatli himoya qildi. Bundan tashqari, J.Xo‘jayev 1985 yilda S.Abayeva rahbarligida “G‘o‘zaning sovuqqa, qurg‘oqchilikka chidamliligi va hosildorligiga mikroelementlar ta’sirining fiziologik asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
S.Abayeva o‘z ilmiy faoliyati davomida o‘simliklar fiziologiyasi fanining barcha sohalari rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib, bor kuch-g‘ayratini yosh avlodni tarbiyalashga sarfladi.
Biz shogirdlari ustozimiz boshlab bergan yo‘lni astoydil davom ettirayotganimizdan faxrlanamiz.
Samarqand davlat universiteti o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi jamoasi.