Ilm-ma’rifat bor joyda taraqqiyot bo‘ladi
Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha maslahatchisi Murtazo Solangiy boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Delegatsiya Samarqand bilan tanishuvni ulug‘ muhaddis Imom Buxoriy majmuasi ziyoratidan boshladi. Islom olamida sahih hadislar muallifi sifatida qadrlanuvchi alloma qadamjosida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari mehmonlarning hayratini oshirdi. Zamonaviy texnologiyalar asosida o‘ziga xos yondashuv bilan tashkil qilingan innovatsion muzeydan joy olgan buyuk muhaddis hayoti, faoliyati, shu bilan birga Islom dini tarixi, taraqqiyotini o‘zida aks ettirgan eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Biz dastlab Buxorodagi tarixiy obidalar, aziz qadamjolarni ko‘rdik, keyin Toshkentda bo‘lib, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdik va bugun olamga mashhur Samarqand zaminidamiz, - dedi Murtazo Solangiy. – Ulug‘ muhaddis mangu qo‘nim topgan qadamjodagi mahobatli masjid, umuman, mazkur majmua har qanday kishini o‘ziga rom etadigan darajada ko‘rkam bo‘libdi. Buxoriy beqiyos ilm-ma’rifati, o‘tkir zehni, aql-idroki bilan dunyoga nom taratgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bugun amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar uning davomchilari ham yuksak salohiyatga ega ekanligini namoyon etmoqda. Yuksak mahorat bilan zamonaviy texnologik yechim asosida tashkil qilingan muzey fikrimizning yorqin isboti. Bu yerga kirgan kishi islom tarixi, madaniyati va qadriyatlari haqida yetarli tushuncha va bilimga ega bo‘lib chiqishi shubhasiz.
Mehmonlar tashrif davomida Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Amir Temur jome’ masjidi, qadimiy “Siyob dehqon bozori”da bo‘lib, xalqimiz tarixi, madaniyati bilan bog‘liq muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– Ilm-ma’rifat bor joyda o‘sish, o‘zgarish, taraqqiyot bo‘ladi, – deydi Pokiston Bosh vazirining savdo bo‘yicha koordinatori Rana Ihsan Afzalxon. – Buni O‘zbekiston misolida yaqqol ko‘rib guvohi bo‘lmoqdamiz. Toshkentda, Buxoro va Samarqandda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarida ilmiy asoslarga alohida urg‘u berilganligi menda katta qiziqish uyg‘otdi. Biz pokistonlik yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobidan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilik va o‘zgarishlar haqida ko‘p ma’lumotlar olgandik. Endi esa kitobda o‘qiganlarimizni hayotda ko‘rib turibmiz.