Ilmda rag‘bat adolatli bo‘lishi kerak

      Bu gapni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatga birinchi rahbar bo‘lganidayoq baralla aytdi. Biz taraqqiyotga faqat ilm-fanni rivojlantirish orqaligina erishishimiz mumkinligini  ta’kidladi. Va butun faoliyati, harakati, siyosati yo‘nalishini ana shunga qaratdi. Bu harakat o‘z samarasini berdi.

Birinchidan, O‘zbekistonda fundamental fanlar peshqadamlari-  akademiklar qadri, salohiyati oshirildi.

Ikkinchidan, umumta’lim maktablarida muallim obro‘sini oshirish, ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha jiddiy islohotlar boshlandi. Maktabgacha ta’limga bolalarni ko‘proq qamrash strategiyasi belgilandi. Ijod va Prezident maktablari ochildi.

Uchinchidan, oliy o‘quv yurtlari kvotalari ko‘paydi, qamrov soni oshirildi yangi oliy ta’lim muassasalari ochildi. Ya’ni har bir yigit-qiz o‘qishga kirishiga imkoniyat bo‘lsin, lekin diplomni faqat bilimi borlargina olsin, degan talab ko‘ndalang qo‘yildi, OTMlarga muayyan akademik va moliyaviy mustaqilliklar berildi.

To‘rtinchidan, startap loyihalar, innovatsion takliflarga yo‘l ochildi, "Bir million  dasturchi" loyihasiga start berildi.

    Hazilakam o‘zgarish emas, to‘g‘rimi? Bularning ayrimlari, hatto, xayolimizga ham kelmagan edi. Lekin davlat rahbarining qat’iyati bois amalga oshirildi. Bu jarayon barchamizning ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan nuqtai nazarimizni o‘zgartirdi. Aniqroq qilib aytsak, yoshlar va ota-onalarning  aksariyati faqat ilmlilargina ta’limda oldinga yura olishini tushunib yetdi. Muallimlar esa, faqat o‘z fanini puxta bilsagina, shogirdlari bilimli bo‘lsagina toifa olib, mehnatidan manfaatdorligi mumkinligini amalda ko‘rdilar. Garchi qiyinchilik bilan bo‘lsada, oliy o‘quv yurtlarida ham joriy imtihon va sinovlarda oshkoralik, adolat o‘rnatilyapti.

     Agar davlat belgilagan strategik vazifalar kutilganidek amalga oshsa, biz bundan ham katta yutuqlarga erishisha olamiz. Bu haqiqat hammaga ayon. Ming afsuski, buni barcha joyda birdek amalga oshira olmayapmiz. Ta’lim-tarbiyada kimlargadir mayda-chuyda ko‘ringan imkoniyatlar mavjudki, mabodo ulardan ham samarali foydalansak, bu sohada adolatga yanada ko‘proq erishish mumkin. Kamina hayotiy tajribamdan kelib chiqib ana shu imkoniyatlar haqida mulohaza yuritmoqchiman.

Xalqimizda oilada yaxshi tarbiya ko‘rgan bolagina yaxshi ta’lim oladi, degan gap bor. Binobarin, tarbiyasiz bolada ilm olishga ishtiyoq bo‘lmaydi.

Tarbiyaning samarasi esa eng avvalo maktabda ko‘zga tashlanadi. Maktabda olingan bilim zahirasi, asosi yigit-qizga keyingi ta’limda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Yoshlikda olingan ilm, toshga o‘yilgan naqsh kabidir, deb bejiz aytishmagan. Demoqchimanki, ilm olishdagi barcha adolat va rag‘bat tamoyillari aynan ana shu paytda, maktabda yo‘lga qo‘yilishi zarur. Aks holda, oliy o‘quv yurtlarida berilayotgan imtiyoz va mukofotlar, agar ular umumta’lim maktabida yaxshi o‘qimagan bo‘lsa, yoshlar uchun kutilgan samarani bermaydi.

    Gap iqtidorli, ishtiyoqli bolalar to‘g‘risida bormoqda. Xo‘sh, ularga o‘rta maktabda qanday munosabatda bo‘lmoq kerak?

    Maktabda iqtidorni belgilash va aniqlashning eng maqbul yo‘li bu fanlar olimpiadasidir. Bir qaraganda bu borada ancha ochiqlik va adolatga erisha oldik. Xalqaro olimpiadalardagi natijalar buni ko‘rsatib turibdi. Eng yaxshi natija ko‘rsatganlar g‘olib chiqayapti. Bu – adolatli ish. Ammo keling, masalaga sal chuqurroq yondashaylik.

   Aytaylik, bitta tumanda o‘rtacha 40 ta maktab bor. Kimyo fanidan olimpiadada 40 nafar o‘quvchi qatnashadi. Ulardan faqat uchta sovrinli o‘rinni olganlar viloyat yoki mintaqaviy bosqichga yo‘l oladi. Xuddi shu tariqa uch nafar sovrindor respublika bosqichida qatnashadi va ular orasidan yana uch nafar g‘olib aniqlanadi hamda ularga oliy ta’lim muassasasia o‘qishga qirishda o‘z fani bo‘yicha maksimal ball beriladi.

   Endi bir tahlil qilaylik, o‘tgan o‘quv yilida test sinovlarida bitta tumandan qancha o‘quvchi kimyo fanidan eng ko‘p ball olgan? Aniq bilamanki, ular o‘n nafardan kam emas. Ana shu raqamni viloyat bo‘yicha tahlil qilib ko‘ring. Demak, olimpiadada qatnashmagan yoki sovrinli o‘rinni ololmagan taxminan 100 nafar yigit-qiz test sinovida eng yuqori natijaga erishgan, lekin ular imtiyozsiz o‘qishga kirgan. Demak biz kimyo fanidan puxta bilimga ega bo‘lgan uch nafar sovrindorgagina adolat qildik, xolos.

   Olimpiadada agar bir necha o‘quvchi bir xil ball to‘plab qolsa, qo‘shimcha sinov orqali g‘olib tanlanadi, tabiiyki, bu hol shu fandan bilim saviyasi qariyb bir xil bo‘lgan boshqa ishtirokchilarga nisbatan adolatsizlik hisoblanadi. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, agar bir xil ball to‘plaganlarning barchasiga sovrinli o‘rinlar berilsa, nima yo‘qotamizu, nima yutamiz?

   Yutug‘imiz shuki, bilim saviyasi bir-biriga yaqinlarga nisbatan adolatli ish tutamiz. Bundan tashqari boshqalar ham faqat birinchi yoki sovrinli o‘rin olish uchun emas, balki yuqori natijaga erishish uchun o‘qiydi. Vaholanki, tanlovlarning barchasi doimo nisbiy yoki tasodifiy baholash holatiga ega. Yutqazganimiz shuki, bir kishi g‘olib bo‘lganda, unga teng yoki juda yaqin bilimga ega bo‘lganlarga alam qiladi va ular qanday bo‘lmasin, birinchi bo‘lish chorasini ko‘radi.

     Maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medal berish jarayoni ham xuddi shunday. Agar bilim va saviya teng kelsa, o‘quvchilarning hammasi rag‘batlantirilishi shart. Negaki bu usul ayrim toifadagi bolalarga imtiyoz bergandan ko‘ra ko‘proq samara beradi. Imtiyozdan ko‘ra halol rag‘bat yigit-qizlarga bilim olishga ko‘proq motivatsiya bag‘ishlaydi.

Hozirgi kunda fan olimpiadasida ishtirok etadigan o‘quvchilarga faqatgina o‘zi g‘olib bo‘lgan fandangina maksimal ball berilmoqda, oliygohga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga qabul qilinish amaliyoti bekor qilindi. Endi tahlil qilib ko‘raylik, o‘qishga qabul qilinayotgan abituriyentlar beshta fandan sinovlarda ishtirok etadi –  uchta majburiy, ikkita mutaxassislik fanlaridan. O‘quvchi bitta fandan olimpiadaga qatnashmoqda hamda respublika bosqichi g‘olibi sifatida o‘z fanidan 93 ball olmoqda. Endi tasavvur qilib ko‘raylik, o‘quvchi davlat grantiga hatto, shartnoma asosida ham o‘qishga kira olmadi, chunki u faqat bitta – kimyo fanidan tayyorgarlik kurgan, qolgan to‘rtta fandan maktabda olgan bilimi xolos. Natijada bu o‘quvchi  qolgan sinovlarda ishtirok etadigan  tengdoshlari orasida raqobatga bardosh bera olmasligi mumkin, bu ham o‘quvchilarimiz orasida fan olimpiadalariga bo‘lgan qiziqishni pasaytirmoqda. Yoki hozirgi kunda xalqaro fan olimpiadalarida beshta fan bo‘yicha yigit-qizlarimiz munosib ishtirok etmoqda (Munosib so‘zini afsuski, viloyatimiz bo‘yicha ayta olmaymiz). Bu yerda ham ishtirok etgan o‘quvchilarga faqatgina g‘oliblar qatorida o‘rin olsagina OTMga o‘qishga qabul qilishda imtiyoz beriladi.

 Deylik, o‘quvchi besh yil xalqaro olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rdi va g‘oliblar qatoridan o‘rin ololmadi. Natijada unga hech qanday imtiyoz yoki rag‘batlantirish yo‘q, shunchaki ishtirokchi bo‘lib qaytadi. Nazarimda, bu o‘quvchilarga ham oliy o‘quv yurtiga kirishda ozroq imkoniyat berilishi kerak, chunki bu imkoniyat o‘quvchilar orasida respublika va xalqaro fan olimpiadalariga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.

    Siz nima deysiz, aziz muallimlar?

                  Farmon Toshev.