Imom Moturidiy ham tashqi, ham ichki tahdidlarga qarshi qat’iy kurashgan alloma

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Anqara ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida navbatdagi onlayn-seminar o‘tkazildi.

Seminarda markaz ilmiy xodimlari va yurtimizda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va muassasalar olimlari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Bu galgi seminar “Imom Moturidiyga ko‘ra, tavhid tushunchasi”, deb nomlanib, buyuk mutakallim, kalom ilmining asoschisi Abu Mansur Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlandi.

Unda turkiyalik moturidiyshunos olim, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti professori Metin O‘zdemir Imom Moturidiy va moturidiya ta’limotini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishlari va ilmiy izlanishlari davomida to‘plangan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Seminar davomida olim Imom Moturidiyning “Tavhid” asari, islom ilohiyotida yomonlik nazariyasi, islom tafakkurida ilohiy adolat mavzulari haqida ham ma’lumotlar berdi.

- Imom Moturidiy  yashab o‘tgan davr islom diniga nisbatan tahdidlar avj olgan paytga to‘g‘ri keladi. Imom Moturidiy shunday tahdidlarga qaramay, o‘zining yuksak aql-zakovati va bilim salohiyati bilan ham tashqi, ham ichki tajovuzlarga qarshi ilmiy dalillar asosida qat’iy kurashgan buyuk alloma sifatida tan olingan va musulmon olamida chuqur e’zozlanadi, - deb ta’kidladi olim.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati.