Imron Xon: Samarqand va Buxoroni ko‘rishni yoshligimdan orzu qilardim

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamrohligida Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi va Mirzo Ulug‘bek muzeyida bo‘ldi.

Yuqori martabali mehmonga mazkur obidalarning bunyod etilish tarixi, buyuk jahongir Amir Temur va temuriylarning davlatchilik an’analari, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida amalga oshirgan ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Registon maydonidagi Tillakori madrasasida namoyish etilgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari, bu ishni davom ettirib kelayotgan usta va hunarmandlarning ishi yuqori martabali mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Pokiston Bosh vaziri yoshligidanoq Samarqand va Buxoroni ko‘rishni orzu qilgani, Amir Temurning bunyodkorlik ishlarini katta qiziqish bilan o‘rganganini alohida qayd etdi. Imron Xon buyuk sohibqironning bunyodkorlik ishlariga dunyoning turli mamlakatlaridan eng yaxshi ustalarni jalb qilgani va u qurdirgan binolarda moviy rangga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi.