Inha universiteti talabalari insonning his-tuyg‘ularini ochib beradigan dastur yaratdi

Toshkentdagi Inha universitetining to‘rtinchi bosqich talabalari – Abdulloh Asqarov, Shahobiddin O‘rmonov, Sardor Ibrohimov, Bedilbek Hamidov, Eldor Abduhamidov va Sherzod Niyozovlar professor Frensis Tai No boshchiligida C-Vision noyob sun’iy ko‘rish tizimini ishlab chiqdilar, deb xabar berdi universitet matbuot xizmati.
Talabalar inson hissiyotlari orqali u haqda ma’lumot oladigan, shuningdek, qarash yo‘nalishini aniqlaydigan va odamning keyingi xatti-harakatlarini aniqlab beradigan ushbu dasturni ommaga namoyish etdi.
"Dastur odamning qarashini aniqlaydi, uning his-tuyg‘ularini taniydi va ushbu ma’lumotlarni, masalan, real vaqtda ma’ruzachining ma’ruzasi bilan taqqoslaydi. Ushbu xizmat ma’ruzaning har soniyasi tinglovchilar tomonidan tushunilishi yoki tushunilmasligi darajasini belgilaydi", deydi talaba Abdulloh Asqarov.
Ishlab chiqaruvchilarning xabariga ko‘ra, dastur mobil hisoblanib u mutlaqo turli sohalarda ishlatilishi mumkin: ta’lim, xavfsizlik, reklama va shunga o‘xshash.
"Dastur katta tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlashda ishlatilishi ham ko‘zda tutilgan. Masalan, u bir necha soniya ichida hissiyotlarni taniy oladi va tahlil qiladi. Natijada sport stadionida, konsert zalida minglab odamlarning taxminiy maqsadlarini aniqlab bera oladi. Dastur salbiy his-tuyg‘ularga ega odamlarni aniqlaydi va ularni alohida klasterga joylashtiradi. Bu xavfsizlik xodimlarining ishini ancha yengillashtiradi", deydi ishlab chiqaruvchilar.
Bundan tashqari, ushbu dasturni ta’lim sohasida qo‘llash mumkin bo‘lib, u talabalarning ma’ruza va dars jarayonida qanchalik qiziqish bilan ishtirok etayotganini aniqlaydi.
"Sun’iy intellekt fani bo‘yicha o‘qituvchimiz, professor Frensis Tai No bizni bu dasturni ishlab chiqishga ilhomlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat nazariyani o‘rganish, balki uni hayotda ham qo‘llab ko‘rish kerak. Biz kurs loyihasini olgach, dastlab shahar ko‘chalarida videokuzatuv xizmatini ishlab chiqishga qaror qildik. Ammo rivojlanish jarayonida ushbu dastur o‘ta moslashuvchan bo‘lib chiqib, turli sohalarda osonlikcha qo‘llanila boshladi. Biz bu dasturni reklama agentliklariga ham tavsiya etamiz. Shuningdek, agar siz ko‘chalarga kameralar o‘rnatadigan bo‘lsangiz, dastur orqali shahar aholisining umumiy hissiy holatini kuzatishingiz mumkin", deya qo‘shimcha qildi ishlab chiqaruvchilar.
Ta’kidlash joizki, Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari o‘zlarining ijobiy harakatlari bilan Varshavada bo‘lib o‘tgan “Microsoft The next AI Guardians-2019” xalqaro sun’iy intellekt tanlovining final bosqichida ishtirok etdi. O‘zbekistonlik dasturchilar bunday tanlovda birinchi marotaba ishtirok etib, uning g‘olibiga aylandi. Bundan tashqari, xuddi shu loyiha bilan talabalar “Google Take Off-2019” xalqaro startap tanlovida ham ishtirok etib, eng yaxshi 50 talik loyihadan joy egalladi.