Insonning qaysi organlari o‘zini tiklash xususiyatiga ega?

Inson organizmi – bu mukammal biologik mexanizm. Har soniyada organizmimizda salkam 4 million, bir sutkada esa 330 milliardga yaqin hujayralar yangilanadi. Bu jarayon “regeneratsiya” deb ataladi.

Sog‘likni saqlash vazirligi insonning yana qaysi organlari o‘zini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega ekanligi haqida ma’lumot berdi.

Jigar – inson organizmining asosiy filtri. Bu noyob organ qonni toksinlardan tozalash va muhim moddalarni sintez qilish kabi funksiyalarni bajarish bilan birga, turli omillar ta’sirida zararlangandan so‘ng o‘z faoliyatini tiklash xususiyatiga ham ega.

Jigarning 75 foizgacha qismi olib tashlanganda ham u bir necha oy ichida asl hajmiga qayta olishi mumkin. Bu jarayon jigarning asosiy hujayralari hisoblangan gepatotsitlar bo‘linishi va ular nobud bo‘lgan yoki zararlangan hujayrlarning o‘rnini bosishi orqali ro‘y beradi.

Teri – inson organizmini tashqi ta’sirlardan himoya qiluvchi birinchi “to‘siq” hisoblanadi. Terida kichik yara yoki jarohat paydo bo‘lganda epidermis hujayralari – keratinotsitlar o‘zini o‘zi tiklashni boshlaydi. Bunda, xuddi jigarda bo‘lgani kabi hujayralar bo‘linib, zararlangan hujayralar o‘rnida yangilarini shakllantiradi. Buning natijasida esa yara tezroq tuzalib, terining silliqligi va tarangligi qaytadi. 

Suyak to‘qimalari ham o‘zini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega, ammo buning uchun ko‘proq vaqt talab etiladi. Suyak to‘qimalarining tiklanishida ikki hujayra – osteoblastlar va osteoklastlar asosiy rol o‘ynaydi. Ularning biri yangi suyak to‘qimasining shakllanishiga javob bersa, ikkinchisi zararlangan hujayrlarni organizmdan olib tashlash (rezorbsiya) vazifasini bajaradi.

Ya’ni, suyak to‘qimasi shikastlangandan so‘ng osteoblastlar yangi to‘qimalar, kollagen qatlamlarini shakllantirib, ularni kalsiy va fosfor kabi minerallar bilan boyitadi. Bu shikastlangan bo‘g‘imning mustahkamligini tiklash imkonini beradi. Muntazam jismoniy mashqlar ham shikast yetgan sohada qon aylanishi va tiklanish jarayoni tezlashishiga yordam beradi.

Umuman olganda, inson organizmidagi ko‘plab organ, to‘qima va mushaklar u yoki bu darajada o‘zini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish esa ichimizda uzluksiz kechayotgan yangilanishlar jarayonini yanada tezlashtirish imkonini beradi.