Insultni davolash bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi

Yaqinda Prezidentimiz huzurida sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan takliflar taqdimotida so‘nggi yillarda ba’zi kasalliklar qatori insultga chalinish holatlari ko‘payayotgani taassuf bilan qayd etildi. 

 Chindan ham, insult — o‘lim ko‘rsatkichi yuqoriligi bo‘yicha dunyoda yurak-qon tomir va onkologik xastaliklardan keyingi o‘rinda turadi. Qolaversa, bu dard — jahonda nogironlikning asosiy sabablaridan biridir.

 Xo‘sh, ushbu kasallik qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi? Kelib chiqish sabablari nimalardan iborat? Insultni samarali davolash va uning oldini olish borasida davlatimiz tomonidan qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

  Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidovdan shu kabi savollarga javob oldik.

 — Miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi bilan kechadigan mazkur xavfli xastalikning ikki turi mavjud — gemorragik va ishemik, — deydi mutaxassis. — Gemorragik insult miyadagi qon aylanishining o‘tkir buzilishi bo‘lib, miya to‘qimasi, to‘r osti bo‘shlig‘i yoki miya qorinchalariga qon quyilishi bilan kechadi. 

 Xastalikning bu turida bemor qayt qiladi, yuzi qizaradi, uyquchan bo‘lib, ensa mushaklarida spazm hosil bo‘ladi va ko‘z to‘r pardasiga qon quyiladi. Gemorragik insult to‘satdan boshlanib, juda tez rivojlanadi.

 Ishemik insultda bosh miyani ozuqa bilan ta’minlovchi asosiy qon tomirlari berkilib qoladi yoki mayda tomir tarmoqlarida spazm rivojlanadi.

 Insultni keltirib chiqaruvchi qator omillar bor. Qonda xolesterin miqdorining oshib ketishi, alkogol mahsulotlari iste’moli, kashandalik, kam harakatlik, stress, ateroskleroz, arterial gipertoniya, qandli diabet va yurak aritmiyasi shular jumlasidandir.

 Ular orasida arterial gipertoniya, ya’ni qon bosimi oshishi eng xavfli omillardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, ateroskleroz ham insultni keltirib chiqarishi mumkin.

 Chekish esa bu kasallik rivojlanishini deyarli 2 barobarga oshiradi, qon ivishini kuchaytirib, tromblar hosil bo‘lishini tezlashtiradi. Tomirlarni toraytiradi, ularning ichki devoriga zarar yetkazadi.

 Spirtli ichimliklar iste’moli ham insultga olib boruvchi xatarli omillardan yana biri ekanligi isbotlangan. Shu bois kasallikning oldini olish uchun, albatta, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, lo‘nda qilib aytganda, sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qilish zarur. 

  Prezidentimiz huzurida bo‘lib o‘tgan takliflar taqdimotida shu masalaga alohida urg‘u berilib, birlamchi bo‘g‘inda sun’iy intellektni keng qo‘llagan holda bunday kasalliklarning oldini olish va davolash bo‘yicha yangicha protokol hamda yondashuvlar joriy qilinishi aytildi. 

  Xususan, EKG-telemetriya, telemeditsina, trombolizis terapiya, stentlash va tromboekstratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Insult belgilarini erta aniqlash algoritmini ommalashtirish va aholiga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratiladi.

 Bundan tashqari, kuni kecha qabul qilingan Prezidentimizning tegishli qarori asosida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazi deb qayta nomlandi.

 Yangi muassasa to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, bu yerda yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ladi. Buning uchun 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshirib qaytadi.

Albatta, ushbu chora-tadbirlar yaqin istiqbolda aholi o‘rtasida qator nevrologik kasalliklar, jumladan, insultni, pirovardida nogironlik va mehnatga layoqatsizlikni kamaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.