Internet olami va mutolaa madaniyati: Yoshlarni gazeta o‘qish, kitobga oshno bo‘lishga chorlashdagi mas’uliyat nimada?

Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda shunchalar chuqur o‘rin egallab borayotgan bir davrda, bir necha satrga sig‘gan ma’lumotlar va kulgili roliklar orqali “ma’naviy ozuqa” olishga o‘rganib qoldik. Oqibatda matbuot, gazeta-jurnal o‘qish odati ko‘pchilik uchun ikkinchi o‘ringa surilib bormoqda.

Shunday sharoitda odamlarni yana gazetxonlikka chorlash uchun o‘quvchidan nima talab etiladi? Gazeta ijodkorlari zimmasiga qanday mas’uliyat yuklanadi? Bu kabi savollarga javob topish maqsadida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida viloyat “Zarafshon” gazetasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv ijod, kitobxonlik va gazetxonlikning ahamiyatiga bag‘ishlandi.

- Bunday muloqotlar nafaqat talabalar, balki o‘qituvchilar uchun ham fikr almashish, ilmiy va ijodiy ongni boyitishning muhim maydoniga aylanib bormoqda, - dedi tadbir avvalida universitet rektori Xudoynazar Yunusov - Ayniqsa, ijodkorlar bilan uchrashuv o‘qituvchilar uchun ham muloqot, ham ilhom manbai sanaladi.  Chunki o‘z fikrini qog‘ozga tushirib, jamoatchilikka yetkaza olgan o‘qituvchi — jamiyatning haqiqiy ziyolisidir. Universitetimizda 400 dan ziyod professor-o‘qituvchi, 6 mingga yaqin talaba bor. Bu esa ijod ahli uchun ulkan o‘quv auditoriyasi demakdir. Talabalarimiz orasida she’r yozayotganlar, hikoyalar bitadiganlar, ijodga oshno bo‘lganlar ham ko‘p.

Uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev bugungi kunda aksariyat odamlar e’tiborini internet zabt etib borayotganini ta’kidlab, kitob va gazeta o‘qimaslikning salbiy oqibatlariga to‘xtaldi. Shuningdek, “Zarafshon” gazetasi kutubxonasida keyingi yillarda nashr etilgan kitoblar haqida ma’lumotlar berib, o‘z ijod namunasidan o‘qib eshittirdi.

- Ziyoli inson ikki jumlani to‘g‘ri yoza olmasa, bu - u gazeta, jurnal, kitob o‘qimay qo‘yganidan, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Akram Haydarov. - Qisqa videolarga, “prikol”larga berilib ketishimiz ham aynan shuning oqibati. Mazmunli axborotni qabul qilmaslik holati shakllanayotgani esa kishini o‘yga toldiradi. Afsuski, ba’zan oddiy yangilikni ham xalqqa yanada soddaroq tilda tushuntirishga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki odamlar internet tiliga, qisqa va yuzaki xabarlar o‘qishga moslashib bormoqda. Bu esa tilning jozibadorligini susaytiryapti.

Darhaqiqat, uchrashuvda ayrimlarning “internet asrida odamni gazeta o‘qishga chorlab bo‘lmaydi”, deb o‘ylashi, ammo hayotimiz faqat tezkor ma’lumotdan iborat emasligi, tanqidiy, chuqur tahlil qilingan va puxta yozilgan maqolalar doimiy ravishda jamiyat tafakkurini boyitishda muhim ahamiyat kasb etishi bot-bot takrorlandi. Shoshilinch va tinimsiz axborot oqimi esa inson ongini toliqtirib qo‘yadi, o‘qish madaniyatini susaytiradi.

Uchrashuv so‘nggida talabalar ham o‘z ijod namunalaridan o‘qib, jurnalist va ijodkorlarga savollar berdi. Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga kitoblar sovg‘a qilindi.

Gulruh Mo‘minova.