Internet tezligining pastligi va elektr uzilishlari masofaviy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda
AOKA huzuridagi shtabda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Feruza Madrahimova ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Karantin davrida maktab o‘quvchilariga va talabalarga masofadan ta’lim berilmoqda? Inspeksiya tomonidan masofaviy ta’limning sifati qanday nazorat qilinmoqda?
— Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda uzluksiz ta’lim tizimida masofaviy ta’limning tashkil etilishi monitoringini olib bormoqda.
Ushbu jarayonda keng jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Inspeksiyaning @edumonitoring_bot telegram boti ishga tushirilgan.
Mazkur telegram bot orqali ota-onalar maktab va OTMlarda masofaviy o‘qitishning sifati, uni tashkil etish hamda hududlardagi muammo va qiyinchiliklar bo‘yicha xabar va takliflar berishmoqda.
Misol uchun, olis hududlarda yashovchi ko‘pchilik talabalar internet tezligining pastligi, elektr uzilishlari sababli masofaviy ta’lim tizimidan samarali foydalana olmayotganliklarini ma’lum qilishgan. Ayni paytda hamkor vazirliklar va mahalliy hokimliklar bilan masofaviy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, hozirda doimiy ravishda masofaviy ta’limning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha soha mutaxassislari bo‘lgan xalqaro ekspertlardan takliflar olinib, tizimni takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.