Masofadan tahsil olish oliy ta’limga xosdir, ammo maktabga emas..
Pandemiya boshqa sohalarda bo‘lgani kabi ta’limda ham turli muammolarni keltirib chiqardi. “Zarafshon” gazetasining 25 iyun 69-sonida berilgan “Masofaviy ta’lim: saboq, xulosa, reja” maqolasini o‘qib, ayrim fikrlar paydo bo‘ldi.
Maqolada asosan oliy ta’lim rahbar va mutaxassislari masofaviy ta’limning ijobiy hamda salbiy tomonlari haqida gapirgan. Albatta, bu fikrlar o‘rinli, dunyo tajribasi ham buni isbotlab turibdi. Qolaversa, respublikamizda ham yaqin yillar ichida masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur ishlar olib borilayotgan edi. Ammo o‘rta ta’limda bu jarayon anchayin farqli, deb o‘ylayman.
Karantin davrida onlayn darslar yo‘lga qo‘yildi. Biroq o‘qituvchilar uchun ayrim muammolar paydo bo‘ldi. Masalan, onlayn darslarda o‘quvchilarning qamrovi to‘liq bo‘ldi, deya olmayman. Chunki barcha oilalarning ham bajarilgan darslarni telegramdan vaqtida yetkazib turishning imkoni yo‘q. Ayniqsa, uch yoki to‘rt nafar o‘quvchi farzandi bor ota-onalar hammasiga birdek vaqt ajratishda qiyinchiliklarga duch keldi. Shu kabi holatlar inobatga olingan holda yakuniy baholarni chiqarishda o‘quvchilarning onlayn darslardagi ishtiroki nisbatan yuqori baholandi. O‘qituvchi, o‘quvchi va ota-ona uchun ham bu jarayon yangilik bo‘lib, ular o‘rtasida e’tirozlar kuzatildi.
Oliy ta’limda talabalar mustaqil fikrga ega, o‘zi uchun nima kerakligini yaxshi anglaydigan yoshda bo‘ladi. Shuning uchun ham ular mustaqil ta’lim olish, mustaqil ishlash hamda turli ijtimoiy saytlar orqali bilimlarini boyitish imkoniyatiga ega. Maktab yoshidagi bola esa hali o‘z fikriga ega bo‘lmagan, kimningdir, ota-ona, o‘qituvchi, xullas, kattalar ko‘magiga muhtoj. Tajribamdan aytishim mumkinki, sinfxonada o‘tilgan dars ta’sirli va samarali bo‘ladi. Shu o‘rinda, yana bir narsani ta’kidlash lozim, maktab nafaqat ta’lim, balki tarbiya o‘chog‘i hamdir. Masofaviy ta’limda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi ruhiy bog‘liqlik yo‘qoladi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ustoziga taqlid qiladigan, uning xatti-harakatlaridan o‘rnak oladigan yoshda bo‘ladi.
Bilishimcha, dunyo tajribasida ham masofaviy ta’lim oliy ta’limga xos jihat, maktab o‘quvchisiga esa o‘qituvchining bevosita e’tibori va ko‘magi zarur.
Lola ISMATULLAYeVA,
Samarqand shahar 80-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.