SamDAQIda 232 nafar talaba masofadan turib ta’lim olyapti
2017 yil 21 noyabrdagi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan edi. Bugun mazkur qaror asosida, viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari talabaligiga qabul qilinib, o‘qishni davom ettirayotganlar bir qancha. Xo‘sh, ular qay tartibda bilim olmoqda? Talabalarga kimlar dars o‘tyapti? Shu kabi savollarga javobni Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutidan izladik.
Arxitektura va qurilish sohasini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, joylarda oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish hamda ularni tayyorlash tizimini sifatli tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida joriy o‘quv yili uchun institutga 232 nafar yigit-qiz besh yillik maxsus sirtqi bo‘limga qabul qilingan.
– Mazkur ta’lim asosida talabalar yetti yo‘nalish bo‘yicha o‘zbek va rus guruhlarida tahsil olmoqda, – deydi sirtqi bo‘lim boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi, dotsent Hamid Yusupov. – O‘quv jarayoni davlat ta’lim standartlariga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan kunduzgi ta’lim uchun tasdiqlangan o‘quv rejasi hamda fan dasturlari asosida tashkil etilgan. Bu bo‘limda o‘qishni davom ettirayotgan talabalar yanvar va iyun oylari 18 kundan dars o‘tib, imtihon topshirishi rejalashtirilgan. Talabalarga institut professor-o‘qituvchilari dars o‘tadi va ularni besh ballik tizim asosida baholaydi. Ayni paytda birinchi semestr nihoyasiga yetdi.
Belgilangan fanlardan dars bergan o‘qituvchi-pedagoglar yakuniy nazorat jarayonlarida ishtirok etmaydi. Yakuniy imtihonlar kafedraning boshqa o‘qituvchilaridan tuzilgan komissiya a’zolari tomonidan talabalar tahsil olayotgan yo‘nalishga qarab, og‘zaki, test va yozma shaklda bo‘ladi.
– Kunduzgi ta’limda o‘qishga imkoniyatim yo‘qligi bois shu institutda sirtqi bo‘lim ochilganini eshitib, hujjat topshirdim va imtihonda to‘plagan balim bilan talabalikka qabul qilindim, – deydi geodeziya, kartografiya va kadastr (funksiyalari bo‘yicha) yo‘nalishi birinchi bosqich talabasi Mehriniso Ermuhammatova. – Masofadan turib tahsil olayotgan bo‘lsak-da, o‘qituvchilar berayotgan topshiriqlarni bajarishga qiynalyapmiz. Talab juda kuchli va yaxshi o‘qimasangiz baho olish qiyin. Darslarni o‘qituvchimiz elektron pochta orqali berib boradi va javobimizga qarab baholaydi. Shu tartibda o‘tadigan mustaqil dars soatlaridan so‘ng oraliq baholarimiz ham ma’lum qilinadi. Bir yilda ikki marta institutga borib, yakuniy nazoratlarda qatnashamiz, xolos.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2018-2019 o‘quv yili uchun maxsus sirtqi bo‘limda tahsil olayotgan talabalar yo‘nalishiga qarab, 8 million 708 ming va 8 million 901 ming so‘m miqdorida kontrakt puli to‘lamoqda.