Masofaviy ta’lim tizimiga qancha talaba qamrab olindi?

Yurtimizni ham chetlab o‘tmagan pandemiya, Covid-19 virusi tarqalishining oldini olish maqsadida barcha oliy ta’lim muassasalari masofaviy ta’lim tizimiga o‘tganidan xabaringiz bor. Masofaviy ta’lim platformasini to‘laqonli shakllantirish va unda talabalarning doimiy ishtirokini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali jamoasi nazoratni qo‘lga oldi. Boshida Moodle dan foydalanib, darslarda ishtirok etgan talabalar 83,41 foizni tashkil etdi.

Talabalarning Moodle tizimiga tashrifini oshirish, darslarda muntazam ishtirokini ta’minlash maqsadida filial professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bu ko‘rsatkich 91,93 foizga yetdi.

Uzoq tuman va viloyatlarda, chekka qishloqlardagi internet aloqasi bilan bog‘liq muammolar sabab ayrim talabalar darslarda muntazam ishtirok eta olmayotganini e’tiborga olib, o‘quv materiallari video, audio va PDF shaklida masofaviy ta’lim platformasiga bir kun oldin joylashtirilmoqda.

Jumladan, filialda o‘qitiladigan barcha fanlardan o‘quv qo‘llanmalari, kitoblarning o‘quv yili boshlanishi bilan 100 foiz elektron varianti tayyorlanganligi qo‘shimcha noqulayliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Bugun esa masofadan o‘tilayotgan darslarda 92.38 foiz talaba muntazam ishtirok etmoqda.

Sarvinoz TURSUNOVA.