Masofaviy ta’lim: O‘qituvchilar nega qiynaldi?

G‘ayrat BOBOXOLOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Samarqand viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i:

- Masofadan o‘qitish ta’lim tizimi uchun yangilik edi. Yuz foiz qamrab ololmagan bo‘lsak-da ta’lim tizimiga masofaviy ta’limning kirib kelgani yutug‘imiz bo‘ldi. Ammo masofaviy ta’limga to‘liq tayyor emasdik. Shu sababli ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Masalan, Samarqand shahri, Urgut, Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida 423 ta tojik sinflar bo‘lib, ularda 10103 nafar o‘quvchi tojik tilida o‘qitiladi. Televizorda o‘tilgan onlayn darslar o‘zbek tilida tayyorlangani sababli ular onlayn darslardan bebahra qoldi. O‘qituvchilar tojik sinflar uchun telegram kanallari orqali dars mashg‘ulotlari o‘tdi. Shuningdek, Samarqand shahridagi 59-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat bolalariga ham darslar o‘tilmadi.

Bundan tashqari, televizorsiz xonadonlar ham borligini tan olishimiz kerak. Ularning bolalari onlayn darslarni kuzata olmadi. Ko‘p bolali oila farzandlarida ham onlayn darslarni kuzatishda muammolar bo‘ldi. Masalan, oilada uch nafar bola maktabga boradi. Onlayn darslarni bittasi ko‘rsa, qolgan ikkitasi ko‘rolmay qoldi.

Qiyinchiliklarga qaramasdan masofaviy ta’lim 80-90 foiz o‘quvchini band qildi. O‘qituvchilar internetdan samarali foydalanishni o‘rgandi. Masofaviy jurnallar orqali har bir o‘quvchining bahosi faqat o‘ziga ma’lum qilib borildi. Ota-onalar farzandining necha baho olayotganidan xabardor bo‘ldi.

***

- Bizda pandemiya davrida maktab o‘qituvchilarining vaqti kun bo‘yi masofadan dars berish bilan o‘tdi. Ertalab o‘quvchilarga onlayn dars mavzulari yuzasidan topshiriq beraman, tushunmaganini telegramdan tushuntiraman, kechga esa bajarilgan topshiriqlarni har bir sinfnikini alohida ko‘rib chiqaman, baholayman, - dedi o‘qituvchi ayol. – Masofadan dars o‘tish biz o‘qituvchilarni shunchalik qiynab yubordiki, hatto kuni bilan internetda o‘tirganim uchun ko‘zlarim xiralashib qoldi. Mayda yozuvlarni o‘qiy olmay qoldim.

Masofadan dars o‘tish maktab o‘qituvchilarini qiynagani rost. Shuning uchun ham ular ismini ochiqlashni istamadi.

 - Urgut tumani maktablaridan birida dars beraman, - dedi yana bir o‘qituvchi. – Bizda internet tezligi juda past, masofadan dars o‘tishning imkoni yo‘q, ammo kattalar topshiriqni bajarasan, deydi.

Maktab o‘quvchilari uchun masofadan dars o‘tish ta’lim sifatini pasaytirishini yuqoridagi fikrlar tasdiqlab turibdi. Shuningdek, bu borada kamchiliklar ham talaygina. Biroq, talabalar uchun masofaviy ta’lim tizimining mexanizmini ishlab chiqish lozim. Bu zamon talabi. Bunda o‘qituvchi ham, talaba ham vaqtdan unumli foydalanishi, talabaga bir kunda qancha topshiriq berilishi, oraliq va yakuniy nazoratlarda qanchadan test savollari bo‘lishi hisobga olinishi kerak.

Xurshida Ernazarova tayyorladi.