Internetdan foydalanishda muayyan qoidalarga rioya qilish shart

Aks holda tegishli tartibda javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Negaki, bu borada joriy yil 30 mart kuni qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Aniqroq aytganda, ommaviy tartibsizliklarga, qonunchilik hujjatlari talablarini  jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga da’vat qilish uchun tegishlicha ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks quyidagi mazmundagi 201-1-modda bilan to‘ldirildi:

O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da’vat qilish bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi»

Ya’ni, qayd qilingan ma’muriy ishni amalga oshirgan shaxs 14 million 700 ming so‘mdan 19 million 600 ming so‘mgacha to‘lab qo‘yishiga to‘g‘ri keladi.

Ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilish esa bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu qoida ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 244-moddasida mustahkamlab qo‘yildi.

Ushbu moddaga ko‘ra, yuqorida qayd qilingan huquqbuzarlik bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Abduhakim OLTIBOYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi o‘rinbosari.