Irina Viner-Usmonova Samarqandlik bo‘lganmi?
O‘ZBEKISTON YuLDUZI
- Uning nomini badiiy gimnastika ishqibozlari yaxshi bilishadi, - deb yozadi haftanomada Stepan Stroyev. - Kichkintoy Irochka 1948 yil 30 iyulda Samarqandda tug‘ildi. Otasi - Aleksandr Viner O‘zbekiston xalq rassomi, onasi - Zoya Viner vrach edilar. Qizaloq o‘zaro ahil-inoq, bir-biriga mehribon va g‘amxo‘r oila muhitida ulg‘aydi. Ota-onadagi nozikta’blik, san’atga muhabbat, odamlarga hurmat va muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi eng yaxshi xislatlar yosh qizaloqqa ham o‘tmasdan qolmadi. Oilada yana bir farzand - akasi Boris ham bo‘lib, u singlisi uchun tog‘dek suyanch edi.
Oila Samarqandda 1959 yilgacha yashadi. Bu yerda Irina pionerlar saroyidagi raqs to‘garagiga qatnashdi. Keyin Toshkentga ko‘chib kelishdi va bu yerda qizaloq badiiy gimnastika bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Maktabni oltin medal bilan bitirganida u allaqachon uch marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgandi.
Keyinchalik O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutida, murabbiylar maktabida o‘qidi. 1992 yilgacha Toshkentda Bolalar va o‘smirlar sport maktabida ishladi. Shahar terma jamoasida faoliyat ko‘rsatdi, so‘ngra O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasiga ustozlik qildi. Uning shogirdlaridan Xolodova, Zaripova SSSR chempionlari bo‘lishdi. Nikolayeva jahon kubogini qo‘lga kiritdi. 90-yillar boshida Irina Aleksandrovnani Buyuk Britaniyaga taklif etishdi. Murabbiy parallel ravishda o‘zbekistonlik va britaniyalik sportchilar bilan mashg‘ulotlar olib bordi. Viva Siferet va Debi Sausvik olimpiada medallarini qo‘lga kiritishdi. Shundan so‘ng Vinerni Moskvaga - Rossiya terma jamoasi bilan shug‘ullanishga taklif etishdi. Uning maktabidan har yili yangi-yangi sport yulduzlari yetishib chiqmoqda. Rossiya badiiy gimnastika bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinda mustahkam turibdi. "Rio-2016" olimpiadasida bunga jahon ahli yana bir bor guvoh bo‘ldi.
ALIShER USMONOV BILAN TANIShUV
Buyuk murabbiy Rossiyadagi eng badavlat odamlardan biri, ajoyib inson Alisher Usmonov bilan qanday qilib tanishgan va o‘z taqdirini bog‘lagan?
Birinchi marta Irina va Alisher Usmonov hali o‘smirlik chog‘larida Toshkentda sport zalida bir-birini ko‘rgan edi. Viner badiiy gimnastika, Usmonov esa qilichbozlik bilan shug‘ullanishardi.
O‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonov Rossiyada "USM Holduhgs" kompaniyasi asoschisi, milliarder. 1953 yilda Chustda tug‘ilgan. Moskva davlat universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini bitirgan. Uzoq yillar davomida moliyaviy qiyinchiliklar paydo bo‘lganida Irinaga yordam qo‘lini cho‘zib keldi. Sportchilarni tarbiyalash, mashg‘ulotlar o‘tish uchun sport zallarini ijaraga olib berdi.
Keyinchalik Irina Aleksandrovna Moskvada Usmonovning taklifini qabul qildi va 1992 yilda turmush qurdilar. Sakkiz yil avval Alisher Usmonov Irina Vinerga "Novogorsk olimpiada qishloqchasi" qurilishiga ikki milliard rubl yordam berdi. Ushbu loyihani juda ko‘p nufuzli ob’yektlar egasi, Moskvada ko‘p nuqtalariga ega "O‘rik-qahvaxona" choyxonasi asoschisi, yolg‘iz o‘g‘illari Anton Viner ishlab chiqqan edi.
Irina Viner tarbiyalanuvchilari jahon chempionatlarida 70 ta, olimpiadalarda 10 ta oltin medallarni qo‘lga kiritgan.
T.MUROD tayyorladi.