Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi bugunning, kelajakning loyihasi

Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqandda qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi nafaqat me’moriy jihatdan, balki milliy g‘oyalarimiz, qarashlarimizning mazmuni sifatida mamlakatimiz taraqqiyotining muhim jihatiga aylandi.

Islom sivilizatsiyasi markazida o‘n minglab tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar va ilmiy meros namunalari jamlandi, ular zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirilib, keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Maskanda interfaol ekspozitsiyalar, raqamli arxivlar va innovatsion yondashuvlar orqali tarixni zamonaviy talqin qilish imkoniyati yaratilgani yoshlarning ilmiy tafakkurini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Imom Buxoriy majmuasi esa diniy-ma’rifiy merosning yorqin timsolidir. Buyuk muhaddisning boy ilmiy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lib, uning asarlari islom ilmlarining eng ishonchli manbalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Majmuaning qayta bunyod etilishi nafaqat tarixiy adolatni tiklash, balki milliy va diniy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatning ifodasi sifatida ham katta ahamiyatga ega. Markazning asosiy maqsadi — tarixiy xotirani tiklash, milliy o‘zlikni anglash va uni kelajak avlodga yetkazish.

Markaz va majmua yosh avlod qalbida milliy g‘urur, tarixiy xotira va diniy-ma’rifiy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini uyg‘otadi, ularni ilm, izlanish va yaratuvchanlikka yo‘naltiradi.

Globallashuv sharoitida, turli mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan bir davrda bunday ma’naviy maskanlarning ahamiyati yanada ortadi. Chunki o‘z tarixini chuqur bilgan, milliy qadriyatlarni anglagan yoshlar ijtimoiy jihatdan faolroq, turli yot g‘oyalarga nisbatan barqaror immunitetga ega bo‘ladi. Shu ma’noda Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi nafaqat bugunning, balki kelajakning loyihasi.

Sardor QUVVATOV,

Samarqand davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi.