Issiqda qolgan qovun-tarvuz qanchalik zararli?

Shu kunlarda yoz ne’matlari, meva va poliz mahsulotlari g‘arq pishgan payt. Yo‘llarda qovun-tarvuz sotuvchilar har qadamda uchraydi. Lekin yo‘lda quyosh nuri ostida sotilayotgan mahsulotning hammasini ham iste’mol qilish mumkinmi?

O‘rganishlar natijasida poliz mahsulotlari issiqda, palagidan uzilgandan keyin 3-5 kun o‘tib ichidan aynib boshlaydi. Biz esa ularni qachon uzilganini aniq bilmasdan, sotuvchining gapi bilan xarid qilib iste’mol qilaveramiz. So‘ng organizmimizda yallig‘lanish, qorin og‘rig‘i yoki ich ketish kabi boshqa kasalliklar kelib chiqadi. Eng yomoni bunday holatda kasallik organizmda surunkali, uzoq davom etadi. Bemor qat’iy rejimda shifoxonada davolanmasa, organizmni og‘ir ahvolga soladi.

Shuning uchun poliz mahsulotlarini issiq kunda sotib olganingizdan keyin uyda muzlatgichga vaqtincha bo‘lsa ham biroz qo‘yib, keyin iste’mol qilinsa, o‘rinli bo‘ladi. Chunki issiqlik ta’sirida ko‘pgina ho‘l meva va poliz mahsulotlarining ichki qismi o‘zgaradi, poyasidan uzib olib, mashinaga ortganda eziladi, lat yeydi, jarohatlanadi. Natijada ezilgan, lat yegan joylari issiqlik hisobiga bijg‘ib, tami o‘zgaradi, qolaversa, sotilguncha vaqt o‘tadi. Shuning uchun, hurmatli iste’molchilar, bunday mahsulotlardan ehtiyot bo‘ling va qoidalarga amal qiling.

Sanjar ADILOV,

viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi o‘qituvchisi.