Ertachi tarvuz dorilangan bo‘ladimi?
Ko‘pchilik bolaligida “Ertachi tarvuz dorilangan bo‘ladi”, deb eshitgan bo‘lsa, ajab emas. Tarvuz va qovun singari poliz mahsulotlarini kechroq, ya’ni saraton quyoshini ko‘rganidan keyin xarid qilgan yaxshiroq, degan tushuncha ham shundan kelib chiqqan. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Yoz boshlanmasdan ko‘chayu bozorlarimizni to‘ldirgan tarvuz va qovunlar rostdan ham kimyoviy o‘g‘itlarning “kuchi” bilan yetiladimi? Yaxshi tarvuzni qanday farqlash mumkin?
“Qashqadaryo tarvuzlari 17 aprelda pishgan edi”
Birinchi xato ertachi tarvuzlar faqat kimyoviy o‘g‘itlar yordamida yetiladi, deya hisoblashimiz bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, aslida barcha poliz ekinlarini parvarishlash davomida ma’lum miqdorda kimyoviy o‘g‘itlardan foydalaniladi. Biroq ularning me’yordan oshirilishi va tarvuzning erta yetilishini o‘zaro bog‘lashga qanday asosimiz bor? Ayni savolga javob topish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani fermerlari bilan bog‘landik. Jumladan, Qashqadaryo viloyati “Tarvuz-qovun yetishtiruvchilar” assotsiatsiyasi rahbari, 25 yillik tajribaga ega bobodehqon Ulug‘bek Jumanazarovning javobi shunday bo‘ldi:
- Haqiqatan ham ko‘pchilik dorilangan tarvuz va qovunlar erta pishadi, deb o‘ylaydi. Ammo bu noto‘g‘ri. Qashqadaryoda bu yil tarvuz 17 apreldan boshlab bozorlarga chiqarildi. Buning uchun mirishkor dehqonlarimiz 1-dekabr sanasida issiqxonalarda urug‘ ekan edi. Ko‘chatlar ikki oy davomida shu zayl parvarishlandi hamda 10 fevraldan dalalarga, uch qavat plyonka bilan o‘ralgan maxsus ko‘chma issiqxonalarga ko‘chirildi. Bu usulda ekilgan ko‘chat havo harorati -12 darajaga qadar sovisa ham nobud bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, dalalarni qalin qor qoplagan vaqtda ham bizning tarvuzu qovunlar o‘sishda davom etadi. To‘liq 80 kun bo‘lganda ular yetilib, bozorlarga chiqariladi.
Ma’lumotga ko‘ra, joriy yil qashqadaryolik fermerlar tarvuz urug‘ining Germaniyada ishlab chiqilgan ertachi navidan foydalangan. Viloyatda yetishtirilgan poliz mahsulotlarining uchdan bir qismi Polsha, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya singari davlatlarga eksport qilinmoqda. Qolgani respublikamiz bo‘ylab sotiladi. Jumladan, o‘tgan yili qashqadaryoliklar 40 ming tonna tarvuz eksport qilgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkichni 80 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Qovun-tarvuzni “dorilash”dan kimga qanday naf?
Ulug‘bek Jumanazarovning ta’kidlashicha, fermerlar ertachi tarvuz yetishtirishda kimyoviy o‘g‘itlardan imkon qadar kam foydalanadi. Buning ikki asosiy sababi aytildi. Birinchisi, bahor oylarida tarvuzning asosan kichik hajmlilari xaridorgir bo‘ladi. Bu omil mahsulotni eksport qilishda ham muhim hisoblanadi. Shu bois ularni kiyoviy o‘g‘itlar bilan to‘ydirib, hajmini oshirish va yetilishini kutishdan fermerlar manfaatdor emas. Bu vaqt ichida mahsulotning narxi tushishi mumkin.
Ikkinchidan, fermerlar mahsulotining bir qismini eksport qiladi, dedik. Ma’lumki, eksportga yo‘naltirilgan poliz mahsulotlari ikki tomonlama nazoratdan o‘tkaziladi. Kimyoviy o‘g‘itga “boy” mahsulot, xorijda sotuvga qo‘yilmaydi. Ya’ni, fermer zarar qiladi. Qolaversa, mahalliy bozorlarda ham nazorat tizimi bor, zararli mahsulotni realizatsiya qilish qonun bilan taqiqlangan.
Suhbatdoshimizning aytishicha, qashqadaryolik fermerlarning eng birinchi xaridori qovun-tarvuzlarning shifobaxsh xususiyatidan bahramand bo‘lishni intiq kutgan xasta insonlar hamda homiladorlar bo‘larkan. “Ularni aldash, “zaharlash” fermerlar uchun isnod”, deydi u.
Sifati buzilganlari ham yo‘q emas-ku...
Avvallari xarid qilgan tarvuzimizning aksariyatidan oq dog‘lar yoki qalin tomirlar chiqardi, qovunlar esa ta’msiz bo‘lardi. Bu holatni shu kunlarda ham onda-sonda bo‘lsa-da, kuzatish mumkin. Dehqonlar bilan suhbatimizda buning sababi ham ochiqlandi.
Ularga ko‘ra, poliz mahsulotlaridagi bunday “buzilish” ekinlarni parvarishlashda mahalliy o‘g‘itlardan (suvda ivitilgan go‘ng nazarda tutilmoqda) me’yordan ortiq foydalanish oqibati ekan. Bugungi kunda poliz mahsulotlarini parvarishlashda tomchilatib sug‘orish mexanizmi joriy qilinmoqda. Xususan, Qashqadaryoda 80 foiz fermer shu usuldan foydalanadi. Tomchilatib sug‘orilgan poliz mahsulotlarida bunday muammo kuzatilmaydi. Shuningdek, bu usul kimyoviy o‘g‘itlarni ham me’yordan ortiq ishlatish imkonini bermaydi.
Qovun-tarvuz tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Ulug‘bek akaning aytishicha, yetilgan tarvuzning rangi tiniq, chiziqlaridagi oq yo‘laklari aniqroq ajralgan bo‘ladi. Shuningdek, uning pishgan-pishmaganligini kindigi orqali ham aniqlash mumkin. Masalan, yaxshi tarvuzning kindigi to‘liq, tekis bo‘lib chiqadi. Kindigi kichik va ichiga botgan tarvuzlar yetilishga ulgurmay uzilgan bo‘ladi.
- Ota-bobolarimiz tarvuzning yengilini, qovunning og‘irini tanla, deb bejizga aytishmagan, - deydi suhbatdoshimiz. - Qarangki, bu usul ham maromiga yetib pishgan mahsulotni tanlashimizda asqatar ekan.
Sifat masalasiga kelsak, mutaxassis tarvuzni chertib ko‘rish orqali uning yangi yoki turib qolganligini aniqlash mumkinligini tasdiqladi. Agar tarvuzdan jarangdor ovoz chiqsa, uning sifati buzilmagan bo‘ladi. Aks holda, uni xarid qilmagan ma’qul.
- Qovunlarni tanlash juda oson, - deydi Ulug‘bek aka. – Lekin ko‘pchilik bir faktni bilmaganligi uchun xatoga yo‘l qo‘yadi. Gap shundaki, to‘q sariq qovunlar yuqori ehtimol bilan sifatini yo‘qotgan bo‘ladi. Ular turib qolgan bo‘lib, ichidan achishni boshlaydi. Yangi va foydali qovunning yonidagi chiziqlarida bir oz yashillik saqlangan bo‘ladi. Shu bilan birga, qovunning sifatini uni siqib ko‘rish orqali ham bilish mumkin. Qattig‘i yaxshi, yumshog‘i yomon bo‘ladi.
Poliz mahsulotlarini ko‘chadan sotib olmagan ma’qul
Ma’lumki, tarvuzning tarkibida glyukoza, fruktoza va saxaroza ko‘rinishida to‘planadigan, yengil o‘zlashtiriladigan qandlar mavjud. Shuningdek, unda organizm uchun zarur bo‘lgan C, B1, B2, A, foliy kislotasi, pektin moddalari, karotinoidlar, kaliy tuzlari, temir, magniy va kalsiy moddalari, aminokislotalar bor. Qovun ham foydaliligi jihatidan tarvuzdan o‘tsa o‘tadiki, ortda qolmaydi. Lekin bular faqat sifatli mahsulotga taalluqli gaplar. Sifatsiz mahsulot bundan karrasiga ko‘p zarar keltirishi mumkin.
- Qovun va tarvuz yetarli darajada pishmagan bo‘lsa yoki uni yetishtirishda kimyoviy o‘g‘itlardan ko‘p faydalanilgan bo‘lsa, salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi turgan gap, - deydi viloyat sanitariya-yepidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi mudiri Y.Rahimov. - Tartibga ko‘ra, poliz mahsulotlariga pishib yetilishidan 30 kun oldin kimyoviy o‘g‘it berilishi to‘xtatilishi kerak. Biroq bunga barcha dehqonlar ham amal qilmayapti. To‘g‘ri, bugungi kunda ulardagi kimyoviy moddalar me’yoridan keskin farq qilishi kamdan-kam uchraydi. Shunday bo‘lsa-da, u bilan bog‘liq zaharlanish holatlari uchrab turibdi. Demak, hushyorlikni yo‘qotmasligimiz kerak.
Y.Rahimovning ta’kidlashicha, poliz mahsulotlari birinchi navbatda joylardagi maxsus laboratoriya va o‘simliklarni himoya qilish idoralari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat, kelib chiqishini tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lishi lozim. Ammo bugun serqatnov ko‘chalar chetida turnaqator bo‘lib qovun-tarvuz sotayotganlarda bunday hujjatlar yo‘q. Birinchidan, ularning bu taqlid savdo qilishining o‘zi qonunbuzarlik hisoblanadi. Afsuski, bunga hech kim yetarlicha e’tibor qaratmayapti. Ulardagi mahsulotning sifatiga kafolat yo‘q.
Mutaxassis qovun-tarvuzdan zaharlanishning oldini olish uchun quyidagi ikki tartibga amal qilish lozimligini aytmoqda:
Birinchidan, poliz mahsulotlarini tekshiruvdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatsiz sotayotganlardan xarid qilmang.
Ikkinchidan, iste’moldan ortib qolgan, tiliklangan qovun yoki tarvuzni muzlatkichda 24 soatdan ortiq saqlamang. Sovutkichda saqlangan tiliklangan qovun va tarvuzning yuza qismini 0,5-1 santimetr qalinlikda kesib tashlashni unutmang.
Zaharlanish alomatlari sezilsa...
- Deyarli barcha odam hayotida bir marotaba bo‘lsa ham bu kasallikni boshidan o‘tkazgan, - deydi viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi infeksionist shifokori Aziza Qurbonova. – Ayniqsa, pishiqchilik vaqtida odamlarning zaharlanish holati ko‘proq kuzatiladi. Biroq aybni faqat qovun va tarvuzga ag‘darish noto‘g‘ri. Gigiyena qoidalariga amal qilmaslik, mahsulotni yuvmasdan, sifatini tekshirmasdan iste’mol qilish kasallikning asosiy omilidir. Shunday ekan, zaharlanishning oldini olish uchun avvalo, ovqatlanish tartibi va gigiyenaga amal qilish lozim.
Mutaxassisning aytishicha, organizmning oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishi o‘tkir boshlanadi. Uning alomatlari 2 soatdan 12 soatgacha namoyon bo‘ladi. Bularga qorin qismidagi kuchli og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi, qayt qilish, ich ketishi hamda umumiy holsizlik kiradi.
Kasallik uch xil shaklda, yengil, o‘rta va o‘ta og‘ir kelishi mumk***in. Yengil holatda bemorda faqat ko‘ngil aynishi, qorin qismida yengil og‘riq bo‘lishi mumkin. Bunda uy sharoitida ko‘p miqdorda qaynatib, iliq darajagacha sovitilgan suvni iste’mol qilish orqali kasallikni yengish mumkin. O‘rta va o‘ta og‘ir holatlarda isitma chiqishi, tinimsiz qayt qilish, kuchli og‘riqlar kuzatiladi. Agar sizda shunday alomatlar bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilishingiz kerak.
Asqar BAROTOV.