Qovunni hasharotdan qanday asrash mumkin?

Bozordan xarid qilgan qovunni oila davrasida dasturxonga tortay desangiz, ayrimlarining ichidan qurt chiqadi. Ilmiy tilda aytganda, qovun pashshasi bizning sharoitda mavsum davomida uch va undan ham ko‘p avlod qoldiradi.

Hasharot qish mavsumida 5-15 santimetr tuproq ostida soxta g‘umbak holida qishlaydi. May-iyun oylarida, ya’ni qovun palaklarining gullashi va meva tugishi davrida uchib chiqadi. Birinchi avlodning uchish muddati bir oy atrofida bo‘ladi. Pashsha qovun yoki tarvuzning yosh nihollari shirasi bilan oziqlanadi. Har bir yetilgan nasldan keyin zararkunandalarda yana 23-30 kundan so‘ng yana nasl paydo bo‘ladi. Bitta pashsha qovun po‘sti ostiga bir dona, hammasi bo‘lib 120 donagacha tuxum qo‘yadi. 3-4 kundan so‘ng tuxumdan qurt chiqib qovun (tarvuz)ning yumshoq qatlamiga ilonizi yo‘l qoldirgan holda kirib boradi va oziqlanadi. Qurt oq-sarg‘ish rangda bo‘lib, uzunligi 5-12 millimetr bo‘ladi. Qurt qovun ichida 10 kun atrofida yashagandan so‘ng u yerni tark etadi va 15 santimetr chuqurlikda, tuproq ichida g‘umbakka aylanadi. Oqibatda, qovunlar pishmasdan dalada chirib, aynib ketadi.

Bu hasharotga qarshi kurashda avvalo, agrotexnik tadbirlar sifatli o‘tkazilishi shart. Feromon tutqichlar yordamida hasharotlar borligini aniqlab olgandan so‘ng ruxsat etilgan insektitsidlar yordamida ishlov beriladi. Kurash chorasi sifatida ta’sir etuvchisi Lyambda-sigalotrin 100g/l bo‘lgan KORATEK PLYUS 10 % (1,2-1,5 l/ga) preparati nafaqat qovun pashshasi balki polizlardagi boshqa hasharot zararkunadalarga qarshi ham samarali ta’sir ko‘rsatadi.

Hosilni yig‘ishtirib olishdan kamida 20 kun avval kimyoviy ishlov berish to‘xtatiladi.

Akram FOZILOV,

viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot kotibi.