Qo‘shrabotda har bittasi 20 kilogramlik tarvuz yetishtirildi

Tog‘ va qir-adirlar bag‘rida joylashgan Qo‘shrabot tumani ekin maydonlarining aksariyat qismi sug‘orilmaydigan lalmi yerlardan iborat. Prezidentimiz 2019 yil 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi davomida tumanda 10 ming gektar lalmi yer maydonlarida tokzorlar barpo etish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Shu paytga qadar qo‘shrabotlik fermerlar, asosan lalmi yer maydonlariga boshoqli va dukkakli ekinlar ekib, ko‘nglidagidek daromad olishmasdi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan tokzorlarni ko‘paytirish masalasiga e’tibor qaratilgach, bir qarich yerdan ham unumli foydalanuvchi fermerlar safi kengaydi. Ulardan biri Qo‘rolos mahallasida yashovchi Jahongirmirzo Nusratullayevdir.

Yosh fermer rahbarlik qilayotgan “Qo‘rolos chaman manzarasi” fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 7 gektar bo‘lib, 2 gektarida mevali daraxt va 5 gektarida tok ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Nihollar o‘sib, hosilga kirgunga qadar bog‘ orasida turli xil qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirilmoqda.

- Bolaligimdan dehqonchilik sirlarini bobom va otamdan o‘rganib keldim, - deydi J.Nusratullayev. – Keyingi yillarda qurg‘oqchilik sabab tumanimizda lalmi qovun-tarvuzlar ekilmay qo‘ygandi. Shu bois tumanda bu mahsulotlarga nisbatan ehtiyoj katta. Aholimizning qovun-tarvuzga bo‘lgan talabi Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari dehqonlari tomonidan qondirib kelinyapti.

O‘tgan yili “Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi asosida bankdan 48 million so‘m imtiyozli kredit oldik. Artezian quduq qazib, suv nasoslarini keltirib o‘rnatdik. Joriy yil bahorda namanganlik dehqon oilani hamkorlikka chorlab, tok ko‘chatlari orasiga qovun-tarvuz va mosh ekdik. Qisqa fursatda yaxshi natijalar bo‘y ko‘rsatdi. Shu paytgacha qovun-tarvuzdan olgan daromadimiz qariyb 30 million so‘mga yetdi. Polizda hali hosil mo‘l. Bundan tashqari, mosh, kartoshka, piyoz, sabzi va boshqa mahsulotlarning ham hosilini yig‘ishtiryapmiz.

Fermer xo‘jaligi tashkil etilib, 3 kishi doimiy, 10 kishi mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Mavsumiy ishchilarning 5 nafari namanganlik dehqon Akmal Nazarovning oila a’zolaridir.

- Oilamiz bilan qo‘shrabotlik yosh fermerga polizchilik sirlarini o‘rgatyapmiz, - deydi A.Nazarov. – Bu yerda dehqonchilik qilish uchun imkoniyatlar yetarli. Yer ham talabga javob beradi. Ayniqsa, poliz mahsulotlaridan katta hosil olish mumkinligini isbotladik. Yetishtirilgan katta tarvuzlarning bir donasi 20-22 kilogrammgacha yetyapti. Sal narida qancha lalmi yerlar qaqrab yotibdi. Maqtanishga yo‘ymang, biz faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yer maydonida yetilgan hosilga ko‘z quvnaydi. O‘z navbatida, fermerga ko‘mak berish barobarida qo‘shrabotliklarning uzum yetishtirish bo‘yicha tajribasini o‘rganyapmiz.

“Qo‘rolos chaman manzarasi” fermer xo‘jaligi a’zolari 2020 yil yanvar oyida issiqxonada qovun-tarvuz urug‘larini maxsus idishlarga ekib, fevral oyida dalaga ko‘chat o‘tqazishni, may oyida esa hosil olib bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda.

- O‘tgan yilda tuman bo‘yicha bor-yo‘g‘i 3 gektar maydonda qovun-tarvuz yetishtirilgan, - deydi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi B.Abilov. - Joriy yilda o‘nga yaqin fermer xo‘jaliklari dalalarida 30 gektar maydonga poliz mahsulotlari ekilib, mo‘may daromad olindi. Prezidentimiz topshirig‘iga asosan kelgusida 10 ming gektar maydonda tokzorlar barpo etiladi, yangi ekilgan tok ko‘chatlari oralarida turli xil qishloq xo‘jaligi va poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Bu esa bozorlarimizda arzonchilik va to‘kinchilikni ta’minlaydi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).