Issiqxonadagi pomidorning kushandasi kuya
Pomidor kuyasi kapalaklar yoki o‘yiq qanotli kuyalar oilasiga mansub hasharot. Bu kuya issiqxonada yetishtirilayotgan pomidorning barglariga 73 foiz, barg tomirchalari va poyalariga 21 foiz, gulkosabarglariga 5 foiz va mevalarga 1 foiz tuxum qo‘yadi. Kuya bilan kuchli zararlangan barglar to‘la nobud bo‘lib, pomidorning hosildorligini pasaytiradi va hosilni 80-100 foizgacha nobud qilishi mumkin. Zararlanish boshlangandan 1 gektarli maydonni kuya 2 haftada to‘la vayron qiladi.
Hozirda kuyaga qarshi biologik kurashishda uni aniqlash uchun dala va issiqxonalarga pomidor kuyasini o‘ziga jalb qiluvchi maxsus feremon tutqichlardan foydanilmoqda. Bu orqali pomidor ekilgan maydonlarda hasharot borligi aniqlanib, ularga qarshi kurash choralari qo‘llaniladi.
Kuyaga qarshi kurashda 10 litr suvga “Avaunt”, “Takumi”, “Emomektin benzoat” eritmalari samarali hisoblanadi. Eritmani kechki payt yoki tunda sepish samaradorlikni oshiradi. Nihollarning yoshi katta bo‘lsa, eritma 1000 litr suvga mo‘ljallab tayyorlanadi.
Pomidor kuyasining zararlanmagan hududlarga tarqalib ketishining oldini olish uchun issiqxonachilar, dehqon va fermer xo‘jaligi rahbarlari “Agrokimyohimoya” MChJ hamda o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyasi mutaxassislari bilan birgalikda ularga qarshi kurash choralarini o‘tkazsa, bu zararkunanda tarqalishining oldi olinadi.
A.FOZILOV,
Samarqand viloyati O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati.