Istanbulni qalin qor qopladi

Shu bois Turkiyaning Istanbul aeroportidan barcha aviaqatnovlar noma’lum muddatga bekor qilindi

Turkiyaning aksariyat hududlarida o‘tgan haftadan buyon kuchli qor yog‘moqda. Natijada yo‘llarda harakatlanish qiyinlashgan.

Shu bois Istanbul aeroportiga borish avtomobil yo‘llari ham kuchli qor sababli yopilgan.

“Bosh konsulxona fuqarolarimizdan vaziyat ijobiy o‘zgarishiga qadar aeroportga bormaslikni iltimos qiladi. Samolyotlarning o‘zgargan vaqtini aniqlab borish tavsiya qilinadi”, deyiladi O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi e’lonida.

Mamlakat favqulodda holatlar idorasi axborotiga ko‘ra, ob-havo sharoiti tufayli Turkiya bo‘ylab 4600 ga yaqin kishi yo‘llarda qolib ketgan, 6700 dan ortiq kishi boshpanalarga joylashtirilgan. Zarurat tufayli minglab odamlarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.