O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi

Turkiyaning yirik shaharlarida migrantlarni aniqlash, tekshirish va deportatsiya qilish bilan bog‘liq keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

"Hurmatli fuqarolar, so‘nggi vaqtlarda Turkiya politsiyasi tomonidan Istanbul va boshqa yirik shaharlarda "maxsus reyd" tadbirlari amalga oshirilib, Turkiya qonunchiligini buzgan xorijliklarga, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolariga, nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shu munosabat bilan, Turkiyada turli sabablarga ko‘ra bo‘lib turgan fuqarolardan mahalliy qonunlarga to‘liq rioya etishlari, o‘zlari bilan shaxsini tasdiqlovchi (pasport) va Turkiyada yashash ruxsatini beruvchi (İkamet İzni) hujjatlarini olib yurishlari so‘raladi", deyilgan konsulxona axborotida.