O‘zbekiston Respublikasi Ukrainadagi elchixonasining Ukrainadagi O‘zbekiston fuqarolariga murojaati e’lon qilindi

“Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani va favqulodda holat joriy etilganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilmoqda.

Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning manfaatdor xizmatlari bilan kelishilgan sari, O‘zbekiston fuqarolari Elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.

Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari pasport ma’lumotlarini Elchixonaning embassy@uzbekistan.org.ua elektron manziliga yuborishlari so‘raladi.

Ukrainada bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tinchlik saqlashlarini va qo‘shimcha savollar tug‘ilganda Elchixona bilan aloqada bo‘lishlarini so‘raymiz”, deyiladi elchixona murojaatida.