“Enagalik qilasiz” deb Istanbulda fohishalikka majbur qilingan o‘zbekistonlik ayol qutqarildi

O‘zbekistonning Istanbul shaxridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qilishicha, joriy yilning avgust oyida fuqaro N.Sh.ni ikki opa-singil enagalik qilish uchun deb aldab Istanbulga olib borgan va fohishalik qilish uchun majbur qilgan.

Ularning tuzog‘idan qochishga harakat qilgan N.Sh. mahalliy politsiya tomonidan ushlangan.

Politsiya uchastkasidan fuqaro N.Sh.ni D. ismli boshqa bir fuqaro olib chiqib, unga 500 AQSh dollar miqdorida qarz qo‘ygan. Pasport va boshqa ashyolarini olib qo‘yib yana fohishalik qilishga majburlagan.

Joriy yilning 30 oktyabr kuni fuqaro N.Sh. u yerdan qochib, O‘zbekiston konsulxonasiga kelgan.

Bosh konsulxona va “O‘zbek ayolar huquqlari jamiyati” (Ozbek Kadın Hakları dernegı) bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida, N.Sh.ga tegishli bo‘lgan shaxsiy ashyolar va hujjatlar qaytarib olindi va hozirgi vaqtda yurtdoshimizni vatanga qaytarish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilmoqda.