Ikki nafar qizni Turkiyaga fohishalik qilishga olib ketmoqchi bo‘lgan erkak ushlandi
13 may kuni 32 yoshli Zokir (to‘rt nafar farzandi bor, ism-shariflar o‘zgartirilgan) 27 yoshli Muxlisa va 22 yoshli Madinani Toshkent xalqaro aeroportidan "Toshkent - Istanbul" aviareysi orqali olib ketayotgan vaqtida Toshkent viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.
Aniqlanishicha, Bo‘ka shahrida yashovchi er-xotin, 1989 yilda tug‘ilgan Zokir va 1995 yilda tug‘ilgan Komila jinoiy til biriktirib, Toshkent viloyatida yashovchi, moddiy jihatdan qiynalgan Madina va Muxlisalarga Turkiyada mo‘may daromad to‘lanadigan ish topib berishini, yordam sifatida yo‘l xarajatlarini o‘z hisobidan qoplab berishlarini va’da qilgan.
Dastlabki surishtiruvlar davomida ularning maqsadi ayollarni Turkiyaga fohishalik uchun yuborish ekanligi, Komila 2021 yil aprel oyida Turkiyaga jo‘nab ketganligi va eri olib borishi kerak bo‘lgan ayollarni kutib olishi rejalashtirilgani aniqlandi.
Toshkent viloyati IIB axborot xizmati xabar berishicha, mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 25, 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.