Samarqandda fohishalik bilan shug‘ullangan shaxslar IIB inspektorining sustkashligi sabab jazodan qutulib qoldi

Huquqbuzarlardan biri 1994 yilda Xatirchi tumanida tug‘ilgan, ikkinchisi esa 1992 yilda Sirdaryo shahrida tug‘ilgan.

Bu ikki shaxs joriy yil 30 iyul kuni soat taxminan 23:50 larda Samarqand shahridagi xonadonlardan birida fohishalik bilan shug‘ullangan.
Mazkur ish bo‘yicha 7 sentyabr kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi “Jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etib, ma’muriy tartibda yuborish to‘g‘risida” qaror qabul qilgan.
21 oktyabr kuni profilaktika katta inspektori huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
Ish 1 noyabr kuni mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga taqdim qilingan.

2 noyabr kuni sud ishni yuritishdan tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Negaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasi 2-qismiga ko‘ra, "jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilsa, lekin huquqbuzarning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, jazo chorasi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin".
Ya’ni, 7 sentyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etib, ma’muriy tartibda yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa-da, 1 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga taqdim etilgan.