Odam savdosi qurboniga aylanayotganlar kimlar?
Odam savdosining avj olishiga, ya’ni insonni qandaydir bir buyum sifatida, ta’bir joiz bo‘lsa insonni oldi-sotdining ob’yekti sifatida foydalanilishi, ularning huquq va erkinliklarining poymol etilishiga bir necha sabablar bor.
Bular, birinchidan, odam savdosi kabi noqonuniy faoliyat turi bir yoki bir necha a’zolardan iborat guruhlarning serdaromad manbasiga aylanib borayotgani, ya’ni ularning hech qanday og‘ir va mashaqqatli mehnatlarsiz mo‘may daromad olishga urinayotganligi.
Ikkinchidan, odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning soddaligi, o‘zining, yaqinlarining taqdiriga va kelajagiga befarqligi, loqaydligida. Ya’ni, eng oliy ne’mat hisoblanmish erkin hayot tushunchasiga nisbatan yengil va beparvolik bilan qarashlari oqibatida ushbu odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchilarning o‘ljasiga, aniqrog‘i, ularning oson daromad manbaiga aylanib qolmoqdalar.
Uchinchidan, odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchi shaxslar o‘zlarining tanishlari, yaqin qarindoshlariga nisbatan, ya’ni ularning ishonchiga kirib olib, odam savdosining qurboniga aylanib qolishiga sababchi bo‘layotganligida.
To‘rtinchidan, odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning or-nomus qilib, ko‘rgan xo‘rliklari, ularga nisbatan ishlatilgan turli xildagi jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar haqida yohud o‘zining noqonuniy ravishda chegarani buzib chiqib, chet davlatda hech qanday davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganligidan qo‘rqib bular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmasligi.
Bularni har bir kishi butun vujudi bilan o‘ylashi, mushohada qilishi kerak. Qadamimizni o‘ylab bosaylik.
A.Mamarahimov, jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudining raisi.
A.Haydarov, sudya.