30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni

Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni BMT Bosh assambleyasining 2013 yil dekabrdagi qarori bilan tashkil etilgan. Sana tasodifan tanlanmagan: 2010 yilning aynan shu kuni BMT odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha global harakatlar rejasini qabul qildi.

Hozirgi kunda dunyoning bir qator mamlakatlarida majburiy mehnatdan foydalanish global ko‘lam kasb etmoqda. Xalqaro Mehnat tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 20 milliondan ortiq odam majburiy mehnat qurboniga aylangan.

BMT ma’lumotiga binoan, 2017 yildan 2018 yilgacha dunyoning 110 dan ortiq mamlakatlarida 74,5 dan ortiq fuqaro odam savdosi qurboni sifatida qayd etildi.

Ularning eng keng tarqalgani - jinsiy ekspluatatsiya (50 foiz), undan keyin majburiy mehnat (38 foiz). Qurbonlarning 70 foiziga yaqini ayol va qizlar bo‘lib, ulardan ko‘pincha jinsiy ekspluatatsiya yoki majburiy mehnat uchun foydalaniladi. Global miqyosda har bir aniqlangan qurbonning uchdan biri qiz boladir.

So‘nggi 15 yil ichida odam savdosi qurbonlari orasida bolalar ulushi uch barobar, o‘g‘il bolalar nisbati esa 5 barobar oshdi. BMT hisob-kitobiga ko‘ra, odam savdosidan yillik 150 milliard dollarlik daromad dunyodagi eng yirik noqonuniy daromad manbai hisoblanadi.

Tashkilot aholi xabardorligini oshirish maqsadida odam savdosiga qarshi global tashabbus - "Moviy yurak" kampaniyasini boshladi. Maqsad – odam savdosiga qarshi kurashda xalqaro tashkilot, hukumat, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va shaxslar tomonidan qo‘llab-quvvatlashga safarbar etishdir. «Moviy yurak» har yili odam savdosiga qarshi kurashning tobora e’tirof etilayotgan xalqaro ramziga aylanmoqda. Bu qurbonlar qayg‘usini aks ettiruvchi ramziy ma’noga ega bo‘lib, inson qanchalik «yuraksiz» bo‘lishi mumkinligini eslatib turadi.

2021 yilda Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni shiori – «Qurbonlar ovozi – yo‘l ko‘rsatadi».

Kampaniya mavzusi qurbonlarni odam savdosiga qarshi kurashning asosiy ishtirokchilari sifatida ifodalaydi va ushbu jinoyatning oldini olish, qurbonlarni aniqlash va qutqarish hamda ularni reabilitatsiya yo‘lida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali choralarni ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi.