Istanbulda hibsga olingan NTV jurnalistlariga 20 yilgacha jazo muddati tahdid solmoqda

Istanbulda hibsga olingan «Markaziy televideniye» dasturida ishlovchi NTV jurnalistlari Aleksey Petrushko va Ivan Malishkin 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda RIA Novosti manbaga asoslanib yozmoqda.

Turkiya qonuniga ko‘ra, jurnalistlar ayblanayotgan harbiy ob’yektlarda ruxsatsiz suratga olganliklari uchun 2 yildan 5 yilgacha jazolanadi. Biroq sud jurnalistlarni josuslikda ayblov taqdim etishi mumkin. Unda ularni 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda.

Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, Rossiya telekanali xodimlari 3 dekabr kuni aloqaga chiqmay qo‘yishdi. Ular bilan so‘nggi to‘laqonli aloqa 3 dekabr kuni soat 12:22 da bo‘lgan - keyin Petrushko va Malishkin ularni «noma’lum shaxslar to‘xtatgani va hibsga olib, noma’lum joyga olib ketayotgani" haqida ma’lum qilgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Anqaradagi elchixonasi va Rossiyaning Istanbuldagi bosh konsulligi Turkiya rasmiylari bilan bog‘lanib, ularning hibsga olinishi haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritmoqda.