Jamiyat mualliflik huquqini himoya qilishi kerak emasmi?

Buyuk kelajak kitob va uning mualliflariga ham bog‘liq. Bugun jahon sivilizatsiyasi jadallashgani sayin insoniyatning axborotga, yangilikka bo‘lgan talabi ham ortib bormoqda. Bu talabni qondirish yo‘lida kimdir mehnat qilyapti, yana kimdir ana shu mehnat mahsulidan o‘zboshimchalik bilan foydalanmoqda. Gap mualliflik huquqlari haqida borar ekan, bizni bu borada yurtimizda, qolaversa, jahonda olib borilayotgan ishlar, yangiliklar jarayoni qiziqtiradi.
Darhaqiqat, mualliflik huquqi deganda, fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish, ulardan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlarni qonun asosida tartibga solish tushuniladi. Qonunchilikka asosan mualliflik huquqining ob’yekti sifatida axborot ko‘rinishidagi asarlar, intervyular, maqolalar, fan, adabiyot va san’at asarlari himoyaga olingan.
Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida mualliflik masalalariga katta e’tibor berilgan. “Sohibqironning besh tayanchi: Alloh… Tafakkur… Qilich… Imon… Kitob” hisoblangan. Yozuv va kitob tufayli dunyoviy va uxroviy (oxirat) hayot haqidagi ilmu-donishning turli jabhalarda va dunyoviy ijtimoiy turmush sohasida jamg‘arilgan bebaho tajribalar ajdodlarimizning olamdan o‘tishi bilan nom-nishonsiz yo‘qolib ketmay, balki ulardan avlodlar bahramand bo‘lishi imkoniyati tug‘ildi, bu bilan uzluksiz madaniy yuksalish uchun zamin yaratildi. Saroylarda olimu fuzalolar, adib-u shuarolar, ulamo-yu faqihlardan iborat ilmiy-adabiy muhit tarkib topdi, yaratuvchanlik, bunyodkorlik va ijodkorlik faoliyati turli yo‘llar bilan rag‘batlantirildi.
Mualliflik huquqiga rioya etish Amir Temur davri va uning saltanatida mavjud bo‘lgan eng oliyjanob ishlardan biri sanalgan. “Islom ruhi” kitobining muallifi Amir Ali “Temur ilmu irfon homiysi edi, olimlar bilan suhbatda bo‘lishni juda sevardi, shaxsan uning o‘zi bir muallif va bir faqih (huquqshunos) edi, deb yozadi”.
Amir Temur shoir Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” asari uni butun o‘ziga tortgani, u kitob muallifiga hurmati sababli shoirning vatani bo‘lmish Shabistar aholisini ardoqlab, ularning har biriga 5 misqol tilladan bag‘ishlagan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Amir Temurday buyuk inson mualliflarga katta e’tibor qaratgan, ularni moddiy jihatdan rag‘batlantirilishiga rahbarlik qilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mualliflik huquqining huquqiy asoslarini belgilab berdi. Konstitutsiyaning 29-moddasida har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega, deb mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, 42-moddada fuqarolarga bevosita ilmiy-texnikaviy yutuqlardan foydalanish kafolatlari berildi. Konstitutsiyadagi bunday huquq va erkinlik har qanday shaxsga ijod bilan shug‘ullanish va o‘z tafakkuri mahsulotlarini hech bir to‘siqsiz tarqatish imkoniyatini beradi.
1996 yilda respublikamizda mualliflar huquqini himoya qilishga qaratilgan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. 2006 yilda esa qonun yangi tahrirda qabul qilindi. 2006 yilda Fuqarolik kodeksining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid bo‘lgan 59-60-boblari ham yangi tahrirda qabul qilindi.
Qonunchilikka ko‘ra, asarlar muallif hayotligi davrida va vafotidan keyin ham 50 yilgacha himoya qilinadi. Ya’ni, muallif vafotidan so‘ng uning merosxo‘rlaridan yozma ruxsat (shartnoma) olish talab etiladi va asardan foydalanilganda ushbu muddatda mualliflik haqi to‘lanadi.
Mualliflik huquqi nafaqat bir mamlakat hududida, balki u butun dunyoda bir xilda himoya qilinadi. Shuning uchun ham xalqaro konvensiyalar qabul qilingan. 1886 yilda buyuk mutafakkir va yozuvchi Viktor Gyugo tashabbusi hamda rahbarligida bir guruh Yevropa olimlari va ijodkorlari tomonidan “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Bern konvensiyasiga asos solingan. Mazkur konvensiya fan, adabiyot va san’at asarlari hamda ularning mualliflari huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan universal xalqaro shartnomalardan biridir.
Bugun dunyoning 180 dan ortiq davlati ushbu konvensiyaning a’zosi hisoblanadi. 2005 yil 19 apreldan boshlab O‘zbekistonda ham “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Bern konvensiyasi normalari qo‘llana boshlandi. Respublikamiz mualliflari va ularning merosxo‘rlari huquqlari butun dunyoda bir xilda muhofaza qilinmoqda.
Intellektual mulkning tarkibiy qismi sifatida mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan barcha asarlar sohalar bo‘yicha 10 dan ortiq xalqaro konvensiya va universal shartnomalar bilan muhofazaga olingan. Bu xalqaro hujjatlarni Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) ma’muriy boshqaruvi amalga oshiradi.
Bugun respublikamizda mualliflik huquqiga oid mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan va sohaga oid alohida davlat siyosati olib borilmoqda, mualliflar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mualliflik huquqini himoya qilish huquqiy masala bo‘lishi bilan birga, jamiyatning ham burchi hisoblanadi.
Ijobiy ishlar bilan birga, muammolar ham bor. Xususan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar, ayniqsa, xalqaro internet global tizimining xizmatidan bugun har kim, har qanday tashkilot bemalol foydalanishi, ulardagi manba (axborot)lardan kerakli ma’lumotlarni olishi va tarqatishi mumkin. Ana shunday sharoitda mualliflik huquqiga rioya etilmaslik holatlarining ko‘zga tashlanib turishi ma’qul ish emas. Buning uchun birinchi navbatda, mualliflar o‘z huquqlarini yaxshi bilishlari va huquqlarini talab qila olishlari lozim.
Endi ikki og‘iz kitob haqida. “Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda”, degan mashhur naqlning ahamiyati hozir har qachongidan ham oshdi. Kitob o‘qilmagan jamiyatda ma’naviy qadriyatlar aziyat chekadi, xalqning intellektual salohiyati yuksalmaydi. Internet bor-ku, undan istalgan narsani topsa bo‘ladi, kitob mutolaasi shartmi, deyishadi. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari internetdan foydalanayotgan yoshlarimizning ko‘pchiligi faqat axborot olish uchungina ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ko‘ngilochar saytlarga kirayotgani aniqlandi.
Kitobning insoniyat rivojida o‘rni beqiyos. Bekorga 23 aprel mualliflik huquqi bilan birga kitobni ham bayram qilish kuni sifatida e’tirof etilmagan. Kitob orqali bilimlar tarqatilar ekan, asarlarni kitobga jamlovchi va uni qulay vosita sifatida keng jamoatchilikka taqdim etuvchi nashriyotlar va ularda mehnat qilayotgan barcha toifadagi noshirlarga ham hurmat ko‘rsatishimiz lozim.
“Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun noshirlik faoliyatining huquqiy kafolatlarini belgilagan. Bugun respublikamizda 120 dan ortiq nashriyot faoliyat olib bormoqda. Turli ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga noshirlik faoliyatini olib borishga ruxsat berilgan. Davlatimiz Prezidenti va hukumatimizning kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitob sanoatini rivojlantirish, noshirlikni qo‘llab-quvvatlash, ushbu sohada mualliflik huquqini ta’minlashga qaratilgan qator hujjatlar ham qabul qilingan.
Bir so‘z bilan aytganda, jamiyat kelajagi va kelgusi taraqqiyot mualliflar va kitobga bevosita bog‘liq.
Gulnora Xudoyberdiyeva,
Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.