Jazirama issiq kunlarni o‘tkazish uchun tavsiyalar
Yildan yilga yoz mavsumida havo harorati yuqorilab bormoqda. Albatta, bunga qator texnogen va tabiiy omillar ta’sir qilyapti. Bunday sharoitda kishilar anomal issiq ob-havoda yashashga ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi.
Xo‘sh, yoz chillasini qanday o‘tkazish kerak?
- Issiq havoda tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan bo‘lgan kiyimlarni kiyish maqsadga muvofiq. Mavsumga mos bunday liboslar terining nafas olishiga imkon yaratadi, tana qizib ketishining oldini oladi.
- Iloji boricha to‘g‘ri tushayotgan quyosh nuridan saqlanishga harakat qilish va bosh kiyim kiyib yurish lozim.
- Quyosh nuri soat 12:00 dan 16:00 gacha juda faol holatda bo‘ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig‘ida ko‘chaga chiqishni rejalashtirmagan ma’qul.
- Tashqariga chiqishga zarurat bo‘lsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan asrashga harakat qilish kerak.
- Issiq ob-havoda organizmda suv balansi buziladi hamda ko‘p namlik yo‘qotiladi. Shuning uchun jaziramada kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur.
- Yoz kunlari chanqoqni olcha, olma va nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron hamda limonli suvlar bosadi.
- Jazirama kunlarda qahvadan voz kechgan ma’qul. Chunki u issiq kunda charchoqni oshiradi.
- Shirin va gazlangan ichimliklar ham tavsiya etilmaydi.
- Issiq ob-havoda spirtli ichimliklardan tiyilish kerak.