Jaziramada oftob urmasligi uchun nima qilish kerak?

Kuzatilayotgan bunday jazirama kunlarda birinchi navbatda boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida tana haroratini ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakni tez urishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.

Bunday holatlarda qanday yordam ko‘rsatiladi?

Oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, ust-boshlarni yechib,
muzdek suvga choyshabni ho‘llab butun tanasiga o‘raladi, sochiqni muzdek suvga ho‘llab boshiga qo‘yiladi. Bo‘yin va qo‘ltiq sohasiga muz xaltachalari qo‘yilsa foydadan holi bo‘lmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi.

Oldini olish uchun... Iloji boricha kunning birinchi yarmida bosh kiyim kiygan holda sayr qilish, kunlik ovqatlanish ratsioni esa yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda meva va sabzavotlardan iborat bo‘lishi, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish lozim. Kofe, shirin gazlangan suvlarni iste’mol qilmaslik maqsadga muvofiq bo‘ladi.