Jaziramadan saqlanish uchun nima qilish kerak?

Hammaga ma’lum, lekin juda zarur tavsiyalar

1. Eng avvalo, tabiiy matodan bo‘lgan, havo o‘tkazuvchi kiyimlarni kiying. Chunki ular terining nafas olishiga imkon beradi hamda tana haroratining ko‘tarilib ketishidan saqlaydi. Libos va bosh kiyimlari rangi ham asosan oq yoki och tusdagi bo‘lgani ma’qul. Qora rang oftob nurlarini yaxshi singdiradi.

2. Yoningizda doimo ichimlik suvi bo‘lsin. Biroq u muzday bo‘lmasligi lozim.

3. Iloji boricha to‘g‘ri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanishga harakat qiling.

4. Issiq kunda bosh kiyim kiyishni kanda qilmang.

5. Quyosh nuri 12:00 dan 16:00 gacha juda kuchli bo‘ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig‘ida ko‘chaga chiqmaganingiz ma’qul. Ammo vaziyat shuni taqozo etsa, tananing ochiq qismlarini quyosh nuridan asrashga harakat qiling. Soyabon, ko‘zoynak ham quyosh nurlaridan yaxshi himoya qiladi.

6. Tez buziladigan yegulik mahsulotlarini xarid qilmaganingiz ma’qul. Chunki issiq haroratda bakteriyalar juda ham tez ko‘payadi. Bu esa zaharlanishga olib kelishi mumkin.

7. Issiqda dekorativ kosmetikadan kamroq foydalaning. Chunki sun’iy kosmetik vositalar yuz terisining nafas olishiga xalal beradi, natijada yuzimiz qizib ketishiga olib keladi.

8. 25 darajadan yuqori bo‘lgan haroratda faol sport turlari bilan shug‘ullanmang.

9. Bunday ob-havoda ichki xotirjamlikni saqlay olish juda muhim. Har qanday ta’sirlanish tana harorati ortishi yoki oftob urishi xavfini oshiradi.

10. Yozda turli kompaniyalarda ishlaydigan xodimlar asosan konditsionerlar tufayli shamollab qolishadi. Chunki tashqaridagi va ofisdagi harorat farqi juda katta. Issiq va sovuq haroratning o‘zaro keskin almashishi nafaqat shamollash, balki o‘pka kasali – zotiljamga ham olib kelishi mumkin. Shu bois konditsioner yaqinida uzoq o‘tirmang.

Jaziramada nima ichish kerak?

Issiq ob-havoda organizmdagi suv balansi buziladi natijada u ko‘p namlik yo‘qotadi. Shu tufayli jaziramada kuniga kamida 3 litr suyuqlik iste’mol qilish lozim.

Yoz kunlari chanqoqni olcha, smorodina, klyukva va boshqa nordon mevalardan tayyorlangan mors, ichimliklar va limon sharbati qo‘shilgan suvlar bosadi.

Jaziramada chanqoqni qondirishga yordam beradigan yana bir ichimlik – bu kvas.

Bundan tashqari, limon solingan yangi damlangan ko‘k yoki qora choy ham tavsiya qilinadi.

Yoz kunlari yaxshisi qahvadan voz kechgan ma’qul. Chunki u jaziramada charchoqni oshiradi. Ko‘rinishidan chanqoqbosdi hisoblangan shirin gazli ichimliklar ham xuddi shu qatorda.

Shuningdek, muz solingan ichimliklarni ham ichish mumkin emas, chunki ular tomoq og‘rishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, muzdek ichimliklar ichki a’zolarni haddan ortiq sovitib, qon aylanishini kuchaytiradi va tana harorati ko‘tariladi.

Issiq ob-havoda spirtli ichimliklarni esa unutish kerak. Alkogol organizmning suvsizlanishiga olib keladi.

Jaziramada nima iste’mol qilish lozim?

Bunday kunda, eng yaxshisi, meva va sabzavotlarni iste’mol qilish kerak.

Turli salatlar, sabzavotli taomlar hamda yaxna sho‘rvalar ham ayni muddao. Bodring, tarvuz, qovun, nordon-shirin mevalar, selderey ko‘kati chanqoq bosdi yeguliklardir.

Jaziramada juda yog‘li va sho‘r taomlardan tiyilgan ma’qul. Yaxna ichimliklar hamda ovqatlarni me’yorida iste’mol qilish lozim. Yozda nisbatan kamroq yeyish kerak, biroq bu to‘laqonli taom bo‘lishi shart. Ya’ni barcha vitaminlarga boy ozuqalarni me’yorida iste’mol qiling.