“JCh-2022”: Janubiy Koreya terma jamoasi ganaliklarni taslim qila oladimi?

Qatarning Doha shahri yashil maydonlarida bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining kechagi uchrashuvlari mundialda yaqqol favorit yoki autsayder yo‘qligini ko‘rsatdi.

Birinchi turda ispanlar Kosta-Rikani 7:0 hisobida mag‘lub etgan, germaniyaliklar kutilmaganda Yaponiyaga imkoniyatni boy bergandi – 1:2.

Ko‘pchilik ikkinchi bosqichda pley-offga chiqadigan ikki jamoa nomi aniq bo‘ladi, deb o‘ylagandi. Ammo hozirga kelib, har to‘rtala jamoa uchinchi bosqichda yo pley-offga chiqishi yoki guruhda qolib ketish ehtimoli borligi bilan futbol mutaxassislari va ixlosmandlarining e’tibor markazida bo‘lib turibdi.

Yaponiya Kosta-Rikani mag‘lub etganida, saralashdan o‘tgan bo‘lardi. Biroq raqibiga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan "samuray"lar vaziyatni qiyinlashtirdi. Ispaniya va Germaniya 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Natijada Ispaniyada 4 ochko, Yaponiya va Kosta-Rikada 3 ochko bor. Germaniya bir ochkoga ega bo‘lsa-da, pley-off yo‘llanmasidan umidini uzgani yo‘q.

Barcha masala 1 dekabr kuni Yaponiya – Ispaniya, Kosta-Rika – Germaniya uchrashuvlarida hal etiladi.

Bugun futbol muxlislarini “G” va “H” guruhidagi murosasiz o‘yinlar kutib turibdi. Ikkinchi turda Janubiy Koreya Gana bilan o‘ynasa, Urugvay terma jamoasi Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Braziliya va Shveysariya hamda Kamerun va Serbiya terma jamoalarining o‘yini natijalari ham ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.

Bugungi uchrashuvlar:

Soat 15:00. Kamerun — Serbiya (G)

Soat 18:00. Janubiy Koreya — Gana (H)

Soat 21:00. Braziliya — Shveysariya (G)

Soat 23:59. Portugaliya —  Urugvay (H)