“JCh-2022”: Saudiyaliklar Levandovskini ham to‘xtata olarmikan?
Bugun Qatarda davom etayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining "C" va "D" guruhlarining ikkinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Tabiiyki, aksariyat futbol muxlislari asosiy e’tiborlarini Polsha va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘yiniga qaratgan. Negaki, "Argentina jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etib, 3 ochko bilan «S» guruhida peshqadamga aylangan saudiyaliklar yana sensatsiyali o‘yin tashkil etadimi?", degan savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.
Polsha terma jamoasi birinchi tur uchrashuvida beqaror o‘yin ko‘rsatdi va shu tariqa bir ochko bilan ikkinchi o‘rinni meksikaliklar bilan bo‘lishib turishibdi. Polyaklar tarixidagi eng yaxshi to‘purari sifatida Robert Levandovskidan ko‘p narsa kutilmoqda, ammo birinchi o‘yinda hujumchi umidlarni oqlay olmadi. U Meksika bilan qarama-qarshilikda yomon o‘yin o‘tkazdi. Robert darvozaga atigi ikkita zarba berdi, penalti ishlab oldi, lekin uni golga aylantira olmadi.
Saudiya Arabistonida ayrim yo‘qotishlar bor. Asosiy himoyachisi jarohat olgan. Ya’ni, Argentina bilan uchrashuvning so‘ngi vaqtlarida Saudiya Arabistoni darvozaboni jamoadoshi Yosir ash-Shahroniga tizza bilan zarba berib yubordi. Oqibatda Yosirning jag‘i, yuz suyaklari singan va miyasi chayqalgan, shu sababli u jahon chempionatida ishtirok etmaydi.
Ammo shunisi e’tiborliki, terma jamoa murabbiysi Erve Renar saudiyaliklarga Argentina ustidan qozonilgan g‘alabadan xursand bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. U Zambiya va Kot-D’ivuar termalarini Afrika kubogida g‘alabaga olib kelgan tajribali mutaxassis. Erve nafaqat yaxshi taktik, balki kuchli motivator hamdir.
Nima bo‘lganda ham tekis maydon, dumaloq to‘p va vaqt natijani ko‘rsatadi.
Bugungi uchrashuvlar:
Soat 15:00 Tunis — Avstraliya (D)
Soat 18:00 Polsha — Saudiya Arabistoni (C)
Soat 21:00 Fransiya — Daniya (D)
Soat 23:59 Argentina — Meksika (C).