JICA agentligi vitse-prezidenti Samarqandda yetishtirilayotgan yapon olmasiga baho berdi

Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Kazuxiko Koshikava boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning kengayib borayotgani, o‘zaro hamkorlik aloqalari va amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng iqtisodiyot fanlari doktori Shavkat Hasanov tomonidan JICA tomonidan moliyalashtirilgan «O‘zbekistonda olma yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish orqali fermerlar daromadini oshirish» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlarga taqdim qilindi.
Delegatsiya a’zolari SamVMIda loyiha asosida yetishtirilayotgan Yaponiyaning “Fuji” navli olma daraxti hosilini ko‘zdan kechirishdi. Mehmonlarga institutning 10 sotix maydonida tashkil etilgan mazkur intensiv modul bog‘ida olma yetishtirishning o‘ziga xos jihatlari, soha istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
SamVMI axborot xizmati.