Samarqandlik olim Kembrijda malaka oshirdi

O‘zbekistondagi pedagogika oliygohlarining bir guruh professor-o‘qituvchilari Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida o‘tkazilgan “Raising Awareness of Alternatives” malaka oshirish dasturida ishtirok etib qaytdi.

Delegatsiyamiz a’zolari safida Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutining raqamli texnologiyalar va iqtisodiyot kafedrasi mudiri Sherzod Daliyev ham ishtirok etdi.

O‘qituvchilar amaliyotini tahlil qilish va baholash madaniyatini rivojlantirishni maqsad qilgan dastur treninglarida ishtirokchilar “Yaxshi dars” va “Yaxshi o‘qituvchi” tushunchalarini xalqaro nuqtai nazardan tahlil qildilar, dialogik o‘qitish, mentorlik tizimi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishdi. Matematika, tabiiy fanlar va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi dars jarayonlarida o‘qituvchilik faoliyatining murakkab, ammo ilhomlantiruvchi jihatlarini kuzatdilar.

Shuningdek, dastur ishtirokchilari Cambridge Maths School va Comberton Village Collegeida bo‘lishdi. Bu maskanlarda ularga o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan muloqoti, yoshlarni fikrlashga undovchi savollar berish madaniyati va darsni tahlil asosida takomillashtirish jarayonlari namoyish etildi. Muassasalardagi o‘qituvchilarning darslarni tahlil qilish va faoliyatiga ilmiy yondashuv malakalari bilan tanishdilar.

O‘tkir USMONOV.