Ko‘rganlarim va kuzatganlarim: Safar, tafakkur va ilhom manbai

«Yurgan daryodir», deyishadi. Haqiqatan ham, inson harakatda, safarda, yangi muhit va odamlar orasida bo‘lganida o‘zini qayta kashf etadi. Joriy yil davomida xizmat safari bilan Ozarbayjon, Angliya, Afg‘oniston va Turkiya davlatlarida bo‘lish baxti nasib etdi.

Bu safarlar orqali turli jamiyatlar, muvaffaqiyatli kompaniyalar faoliyati, yangi madaniyat, tarix va zamonaviy voqeliklar bilan yaqindan tanishdim. Safarlar insonni doimo o‘rganishga, oqar suvdek faol va harakatchan bo‘lishga undaydi. Ana shunday safarlardan biri — noyabr oyidagi Turkiya safari menda alohida taassurot qoldirdi.

Texnologiya va ma’naviyat uyg‘unligi

Turkiyaga safar chog‘ida “CANTEK” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Kompaniya menejerlari ish jarayonlari, yuqori darajadagi texnologiyalar va korporativ madaniyat haqida so‘zlar ekan, ongimda beixtiyor kompaniya rahbarining siymosi shakllana boshladi. Tasavvurimda u bir vaqtning o‘zida iqtidorli tadbirkor, chuqur texnologik bilimga ega mutaxassis sifatida gavdalanardi.

Kompaniya devorlarida osig‘liq, insonga shijoat va motivatsiya bag‘ishlovchi, ammo muallifi ko‘rsatilmagan hikmatli so‘zlar esa bu siymoni yanada boyitdi. Ularda so‘zga, ma’naviyat va ma’rifatga oshno, yuzi nurli bir inson qiyofasi namoyon bo‘lardi.

Yakunda kompaniya rahbari va asoschisi — olim va tadbirkor Jan Hakan Karaja bilan uchrashdik. Uchrashuv davomida shakllangan barcha tasavvurlarim haqiqat bo‘lib chiqdi. U kishi:

O‘zim ham, jamoamizning har bir a’zosi ham qilayotgan ishini chin dildan sevib, shijoat bilan bajarsa, muvaffaqiyat oson kelmasa-da, albatta keladi, - degan hayotiy qoidaga amal qilishlarini ta’kidladi.

Orzuga aylangan ma’naviy makon

Xayrlashish arafasida u kishi: «10 daqiqa vaqtingizni olishga ruxsat bering», deya bizlarni alohida bir xonaga boshladi. Bu xona — ziyo va nurga to‘la, devorlarini Jaloliddin Rumiy va Yunus Emrening ma’naviy meroslari bezab turgan betakror makon edi.

Jan Hakan Karaja ushbu xonani kompaniya qoshidagi “Ilm, madaniyat va ta’lim vaqfi” orqali amalga oshirganini, Turkiyaning mashhur xattot rassomi Turan Sevgili va badiiy bezak ustasi Yonja Erajar Bajakni bir jamoaga birlashtirib, hayoti davomidagi eng katta orzularidan birini ro‘yobga chiqarganini hayajon bilan so‘zlab berdi.

Tadbirkorlik yo‘li va jahon miqyosidagi loyihalar

Jan Hakan Karaja 1964 yil 22 yanvarda tug‘ilgan. U Trakiya universitetining mashinasozlik muhandisligi bo‘limida tahsil olgan. 1991 yilda Antaliya shahrida ikki nafar xizmatdosh do‘sti bilan sovutish jihozlari ishlab chiqarishni boshlagan. 1996 yilda esa “CANTEK” kompaniyasiga asos solingan.

Bugungi kunda “CANTEK” kompaniyasi dunyoning 75 ta mamlakatida quyidagi yo‘nalishlarda 15 mingdan ortiq loyihani amalga oshirgan:

- sovutish texnologiyalari (sovutish uskunalari va omborlar),

- go‘sht sanoati texnologiyalari (kushxona va go‘shtni qayta ishlash korxonalari),

- shahar oziq-ovqat omborlari,

- qor parklari va muz maydonlari,

- “Agriculture 4.0” konsepsiyasi asosida 24/7/365 rejimda ishlovchi organik o‘simlik fabrikalari.

Jan Hakan Karaja Turkiyada bir necha bor “Yil tadbirkori”, “Eng muvaffaqiyatli ishbilarmon”, “Yilning kreativ eksportchisi” kabi nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Ilhom, sayohat va ma’naviy bog‘liqlik

U inson dengiz sayohatlarini juda yaxshi ko‘radi. 2010 yilda u turk alpinistlari Nasuh Mahruqiy va Yilmaz Sevgulning Everest ekspeditsiyasiga hamda dengizga sho‘ng‘ish bo‘yicha jahon rekordchisi Yasemin Dalkilij ishtirokida suratga olingan “Dunyoning ajoyib sho‘ng‘ishlari” hujjatli filmiga homiylik qilgan.

Afg‘oniston safari chog‘ida Mozori Sharif shahrida o‘tgan o‘zbek-afg‘on tadbirkorlari muloqotida tanishgan, BAA va Germaniyada ham biznes faoliyati olib borayotgan yirik afg‘on tadbirkori bilan bo‘lgan suhbat esa yana bir ma’naviy bog‘liqlikni esga soldi.

U kishi Jaloliddin Rumiy asarlarini ko‘p mutolaa qilishini va ulug‘ mutafakkirning aynan Balx viloyati, jumladan Mozori Sharif zaminida tug‘ilganidan g‘oyatda faxrlanishini ta’kidlagan edi.

Xulosa o‘rnida

Bu uchrashuvlar, safarlar va kuzatuvlar yana bir bor shuni anglatdiki, haqiqiy muvaffaqiyat — faqat texnologiya yoki kapitalda emas, balki ma’naviyat, bilim va ishga bo‘lgan muhabbat uyg‘unligidadir. Ana shundagina tadbirkorlik ham, hayot ham mazmun kasb etadi.

Sherzod Suvonqulov.