Bir g‘azal yozilishi tarixi:“Do‘st bilan obod uying...”

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludiga 90 yil to‘ldi

Ulfatlar to‘planishib osh yeydigan davrani “gap” deymiz. Buni zamonamiz tinchligi, farovon turmushimizning shukrona timsoli, desak xato bo‘lmas. “Gap”dagilar tanish, tengqurlar, uzoq yillar rahbar vazifalarida ishlab el-yurt hurmati, e’tirofidagi yoshulli otaxonlardan iborat.

“Gap” bahona xolos. Asli bu yig‘inda ilmiy, diniy, ahloqiy me’yorlar, ulug‘ allomalar Navoiy, Bobur, Fuzuliydan tortib, Muhammad Sodiq, Muhammad Yusufday ulug‘larimiz, Mustaqilligimiz fidoyilari - jadidlar, O‘zbekiston Qahramonlari Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi istiqlol kuychilarining ilmiy meroslari haqida gap boradi. Davra samimiy, fikrlar teran, muloqotda va duolarni nuroniylar aytishadi. Biz yoshlar tinglaymiz, choy quyib uzatamiz, olma archib, qovun tiliklaymiz.

Bugungi "gap" mavzusi shoir Erkin Vohidov haqida. Uning ijodidan “Manfaat falsafasi”, “Kamtarlik haqida”, “Inson” qasidasi, she’r, g‘azallar o‘qiladi. “Donish qishloq latifalari”dan “Matmusaning dutori” “chertildi”, hazil-mutoyiba davraga fayz berdi.

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Do‘st bilan obod uying” g‘azali yozilishi bilan bog‘liq voqea haqida davraboshimiz, qomusiy ustoz Nozimjon Qozoqov qiziqarli hikoya aytdilar.

- Chamasi 1989 yil edi, - deya so‘z boshladi Nozimjon ota, - Norin tuman, 8-maktab o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Abdurahmon Nazarovga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvoni berildi. Men Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i sifatida ustozni qutlash bahona maktabga bordim. Kamtarona tabrikdan so‘ng bir piyola choy qaynog‘ida domlaning faoliyati bilan qiziqdim.

- 1955-1960yillar O‘rta Osiyo davlat universiteti filologiya fakultetida o‘qidim, - dedi Abdurahmon Nazarov, - faxrim shundaki, kursdosh, guruhdosh-xonadoshim, bo‘lajak mashhur shoir Erkin Vohidov bilan bir partada tahsil oldik.

- Kechirasiz, siz Erkin aka bilan birga o‘qiganmisiz? Omadni qarang. Men ham shoir g‘azallari shaydosiman, - dedim.

- Unda salqinga o‘taylik.

Ustoz so‘riga to‘shalma tashlab, choy keltirishlarini so‘radi.

- Xullas, 60 yili oliygohni tugatdik, - deya suhbatni davomladi A.Nazarov. - Erkin “Yosh gvardiya” nashriyotida qoldi, men Noringa qaytdim. Yillar o‘tdi. Salom-alik, oilaviy bordi-keldilarimiz, yozishmalar uzilmadi.

Adashmasam, 1969 yil bahori edi. Bir o‘quvchim “Domla, uyingizga Erkin Vohidov keldilar”, dedi. Yashirib nima qildim, qalbim g‘urur-iftixorga to‘ldi. O‘shanda biz 33 yoshda edik. Do‘stimning sakkizta she’riy kitobi muxlislari qo‘lida. Yesenindan tarjimalari bosilib chiqqan, komsomol mukofoti laureati bo‘ldi. “Oltin devor” komediyasi Hamza nomli akademik va drama teatrida gurillatib qo‘yilayotgan paytda do‘stim, shoir Erkin Vohidov mening uyimda! Ha, shoirning vodiydagi bosh bekati mening xonadonim edi...

“Katta uy” (ota-onam uyi) ostonasidayoq uni ko‘rdim. Ana u, o‘sha-o‘sha sodda, tortinchoq Erkin, o‘ta kamtar, bag‘rikeng, hokisor Erkin, ota-onamga-da farzanddek aziz Erkin, gurung beryapti. Istiqbolimizga shoshildik. “Oq sholi, ko‘k sholi” bo‘lib, bir-birimizni ko‘tarib tashladik. “Bulturgi o‘chim”ni olgani keldim. “Oltin doska”da o‘ynaymiz,”- deya hazil-dag‘dag‘a qildi.

Men qishloq shaxmatchilari respublika chempioni bo‘lganimda oltin suvi yuritilgan shahmat taxta bilan mukofotlanganman. “Oltin doska” shunga ishora edi. Shoir o‘sha taxtada dona surishni xushlar, hazillashib “Sahroda va shaxmatda do‘stlik bo‘lmaydi” deb g‘ashimga tegardi. Ochig‘i, Erkin kuchli o‘ynardi. Erkin Vohidov “AQShning Sietl shahrida jahon chempioni Anatoliy Karpov bilan yakkama-yakka jang qilib, durangga erishganman, - deya gerdayib yursam bo‘ladi. Hammasi bo‘lib, besh yurish bo‘lganini esa aytish shart emas”, deb yozgandi keyinchalik. Endi bu boshqa mavzu.

Oilam yangi uchastkaga “uchirma” qilingan. Ikki xonali, ayvonsiz, somon suvoq uy. Tom shifersiz, xashak to‘shalib, tuproq solingan. Na gilam bor, na mebel. Hovli devoriga ikkita xoda tashlanib, “shifti”ga chipta qop tortib “faner” qilingan oshxonamiz bor edi. Erkin esa ko‘rkam dasturxonlar mehmondorchiligida bo‘lishini sezaman. U hashamatlar qayda-yu, mening kulbam qayda...

Erkin, kulmaysan-da, o‘rtoq. Qishloqchilik, yangi ro‘zg‘or, deganday.

- Nima ham qilardim, rosa kulaman-da, oshna. Hoy bola, men senikiga “uy ko‘rdi”ga kelganim yo‘q. Amakim, xolamni bir ko‘ray, duolarini olay deb keldim. Seni oqdami, qoradami (shaxmat dona) bir piypayman degan umiddaman. Hamma ham imoratini chala kapada yashab tiklaydi. Bilsang boburiylar Tojmahalni yigirma yilda qurgan, birodarim. Ye, choydan quy-ye...

Bir piyola choy ichdik-yo‘q, hovli g‘ala-g‘ovur, bir soat o‘tdi yo o‘tmadi, uyimizni mehmon bosdi. Qo‘shni qishloqdagi maktab o‘qituvchi, o‘quvchilari, bog‘cha xodimalari, mahalla muxlis yigit-qizlari shoirni ko‘rish, ovozini eshitish ishtiyoqida hovlini to‘ldirishdi.

Men shoirni tanishtirmoqchi bo‘lsam... e’tirozlar...

- Shoirni sizdan yaxshi bilamiz, - dedi bir muxlis. Daromaddan – she’rxonlikdan gapiring.

Rostini aytaqolaymi, agar o‘shanda uyimda novvos-buqa bo‘lganda ham so‘yvorardim. Afsus, qo‘y-qo‘chqor ham... Yaxshiki, 10-15 ta tovuq bor.

Mushoirani maktab o‘qituvchisi qo‘lda choynak tutgancha boshladi:

Garchi shuncha mag‘rur tursa ham

Piyolaga egilar choynak.

Shunday ekan, manmanlik nechun

Kibru havo nimaga kerak.

Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam

O‘tma g‘urur ostonasidan.

Piyolani inson shuning-chun

O‘par doim peshonasidan.

Olqishlar... muxlislar “beti ochilib” she’r aytmoqqa gal talasha boshlashdi. “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?, “Po‘lat”, “Lola sayli”, “Samar bo‘lg‘ay”, “Gulnorini o‘p”, “Zamon”, “Oyning o‘n beshi qorong‘i...” kabi she’r, g‘azallar yoshlar qalbidan otilib chiqqanday ohangda aytilardi.

“Fuzuliy haykali qoshida” she’ri o‘qilganda “ofarin” xitoblari yangradi:

... G‘azal ham bo‘lurmi muncha dilrabo,

Bunchalar serishva, bunchalar sernoz.

Mening shoirligim yolg‘ondir, ammo

Fuzuliy she’riga oshiqligim rost...

Muxlislar shoirni xuddi hamqishloqlariday, xuddi Toshloq mahalla farzandi kabi yaqin oldilar. Mushoira, ikki soat davom etgach, savol-javoblar, hazil-mutoyiba boshlandi. Shoirni hazilga ustamonligiga qoyil qolishadi. Latifa aytishuvlardan keyin dasturxonga noz-ne’matlar qo‘yildi. Tovuq sho‘rvadan so‘ng “Erkinxonlik mushoira”si yarim tungacha davom etdi. Tushmagur mehmonjonlar ketamiz deb “injiqlik” qilmas, Erkin bir band aytsa bo‘ldi, muxlislar davom ettirishar, mushoira pirovardi bahri bayt aytishuvlari musobaqasiga qo‘shilib ketdi.

Tungi soat ikki edi chamasi...

Bir payt bahor osmonida gumbur-gumbur... chaqmoq chaqdi, momoqaldiroq mushoiraga jo‘r bo‘ldi. Tashqaridagi shinavandalar hurkitilgan qo‘zichoqlarday to‘zidi. Nog‘ora chalganday sel-jala quydi. Shifersiz tomdan chakka o‘tib ketdi. Kim kosa, lagancha, kim chilopchin, tog‘ora tutib jon saqladik. Jala tingan bo‘lsa-da, tom tomchilari idish-tovoqlarga chakillardi.

Erkin ikkimiz ikki mehrobdagi ikki sandiq ustida tong ottirdik.

Yomg‘irdan junjikkan tana katta uydagi qaynoq nonushtadan jonlandi. O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim. Mahalladoshlar “mehmon yo‘qlovi”, kim qaynoq manti, somsa-qatlama, mastava, hatto qo‘g‘a “belbog‘”da bahorgacha asralgan qirqma qovun tilindi...

Tushga yaqin partkom villisida Arslonbobdagi kursdoshimiznikiga jo‘nadik.

Poytug‘, Madaniyatdan o‘tdik. Vodiyning shimoliy “devori” Chotqol qurama tog‘ tizmalarining bujur qoyalari haybati bostirib kelardi. Afsun aytib qo‘yilganday ustma-ust toshlar omonat, “puf” desa qulaydiganday vahima.

- Rafiqsher, Arslonbobga avval kelganmisiz, - dedim.

- Bexijolat domla. Anjan taksoparkida taksis paytimda kelganman. Hali uzoq, yana yuramiz.

Tog‘ qa’riga kirib boraverdik, boraverdik. Qishloqning arslon ta’rifli Arslonbobi ko‘rinmasdi.

E.Vohidov ko‘zi yumuq xayol surib borardi. Kecha: “Arslonbobda nima bor? Maktabda shoir bilan uchrashuv o‘tkazib qo‘yaqolaylik”, deb harchand tushuntirdim, yo‘q, “Arsonbob”, deb turib oldi. Erkin: “Seni “zemim” (hamyurt), deb qanday quvonardi, boraylik”, - deb turib oldi.

Mana, uch soatki yo‘ldamiz. Xayol surib o‘tirayver...

Nihoyat, shofyor “perekur” deb to‘xtadi va “Mana, Arslonbob!” deb o‘choqkesak, zarang tosh vodiy uzra moviy gilamga ishora qildi.

Arslonbob! Tashqi olamdan yong‘oqzorlaru bodomzorlari, archazoru shovva-sharsharalari soyaboni ostiga yashiringanday sirli va so‘lim go‘sha! Bu tog‘ o‘lkalari bahor bilan ilhaq, kech qovushadi. Qaqanoqlari yorilgan bodom kurtaklari qiz lablaridek tabassum jahdida...

Mashinamiz hashamdor darvoza qarshisida to‘xtadi. Kursdoshimiz shod-xurram kutib oldi.

Hovli pardozli kelinchakdek ko‘rkam, jimjit, sukunat (osudalik) og‘ushida, Mehmonlar sharafiga hovuzchadagi xumchaning 8-10 ta “og‘zi”dan suv otildi. Jimjitlikni ko‘piklanayotgan suv ovozi buzdi. Uy sohibi taklifi bilan ichkariga kirdik. Keksaroq ayolga “Namangancha palov” deb shipshidi va lutfan xonalarni tanishtira boshladi.

Zallar orasta va sarishta. Har bir xonaning poyondozi, qandillar, shift naqqoshligi so‘zanalari, o‘yma-ganch naqshlari g‘aroyib. Boshqa bir zal-xonaning bezagiga o‘xshamas, boshqacha did, ajnabiy rangin, mebel ansambli joylashuvlari ham o‘zgacha, turfa...

Kechki yemakka akasini ayttirdi. Namangancha palov tortildi. Arslonbob haqida biz eshitmagan qiziq fakt, raqamlar ko‘p ekan. Asalarichilik tarmoq rivoji, turizm haqidagi ma’lumotlarni bilib oldik. Taomdan so‘ng katta og‘a dam olishini iddao qilib ketdi.

Namangan aeroportiga qaytgunimizcha to‘rt soat yo‘l elagida elandik. Erkin kelguncha bir daftarni yozib to‘ldirdi.

... Shoir samolyot tomon ikki-uch qadam tashlab ortiga qaytdi. Ko‘ylak cho‘ntagimga qog‘oz qistirib: “Shaxmat match-revanshi biznikida bo‘ladi - kutaman,” – dedi mamnun jilmayib. Salkam o‘n besh yillik qadrdonimning bu tabassumidan ko‘nglim to‘lmadi. Ortidan achinishda qoldim. Ne havas umidida 200 kilometr yo‘l bosgandik. Ko‘zimdan qaynoq yosh toshdi... Samolyot uchib ketguncha o‘tirdim.

Ha, qog‘ozni esladim. O‘qidim... “Obbo Abdurahmoni tushmagur-yey, senga havaslandim. Qishloq, mahallang, hamma-hamma do‘sting, birodaring ekan-ku! Sen uyingdan uyalging keldi-ya. Uyalish 16 xona uy qurganlarga qarz. Na do‘sti bor, na oila, na yo‘qlovchi qo‘shni, hamsoya...

Sening uying do‘stlaring bilan obod, charog‘on. Erkin”.

Oradan yarim yil o‘tib, respublika o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutiga bir oylik kursga yuborishdi. E.Vohidov bilan ko‘zda yosh bilan diydorlashdik. Norin, Arslonbob voqealarini esladik. “Ijoddan gapir, ijoddan.” Erkin: “Ha, ha, aytganday...” qo‘lyozmalarini varaqlab uzatdi va “o‘qib ko‘r-chi”, dedi. “Do‘st bilan obod uying...” g‘azalini o‘qigunimcha bir so‘z demadi. “Qalay?” dedi. “Malades, zo‘r yozibsan”, - dedim. “Tushunmabsan, oshna”, u o‘zi yoddan o‘qidi:

Do‘st bilan obod uying

Gar bo‘lsa u vayrona ham...

Men borganimda uyingdan xijolatda eding. She’ru g‘azal bahona uying to‘yxona, shodiyona, koshonaga aylandi. O‘z uyingda o‘zing adashar vaziyatlar bo‘ldi. O‘sha kuni qishloqning “koshona”si sening uying bo‘ldi. O‘zing bilmagan holingda qancha do‘stlaring borligini taniding. Chunki:

Do‘st qadam qo‘ymas esa

Vayronadir koshona ham...

Bu endi ho‘... o‘sha o‘zing ko‘rgan, bilgan uy. Bilginki, do‘stim, hammamiz ham kayfiyat bandalarimiz. Balki sobiq kursdoshimiz ham o‘sha kuni kayfiyatda ham “vayrona” bo‘lgan kunidir. U ham kursdoshimiz – do‘stimiz. Maqsadim, Arslonbob do‘stlik ko‘priklarini yana qayta tiklaymiz. Chunki:

Do‘sti sodiq yo‘q ekan deb,

O‘rtanib kuyma va lek.

Mehr uyin keng ochsang, Erkin

Do‘st bo‘lur begona ham.

Ushbu she’rni o‘qib, ustoz Abdurahmon domla Nazarov o‘z hikoyasini tugatdi, - dedilar ustoz Nozimjon Qozoqov.

***

Muallifdan: Qiziquvchanlik qursin. Ertasi kuniyoq “vayrona” uyni ko‘rish, Norinning to‘lqinli voqealarini eslash, ustoz Abdurahmon domla bilan tanishish, mashhur shoir qo‘lini tutgan kaftga kaftimni bosish maqsadida “Norin, qaydasan?” deya yo‘lga chiqdim.

Afsus, Abdurahmon domla va ayoli vafot etishibdi. Farzandi arjumandi Umidjon Nazarov Norin tumani hokimi yordamchisi sifatida faoliyat olib bormoqda ekan. U: “Erkin amakim va Gulchehra xolam birga kelganlarida o‘g‘li Xurshidbek ikkimiz qachonlardir “vayrona” bo‘lgan o‘sha uy dadam va Erkin amakim yod etiladigan, uning g‘azallari bot-bot o‘qiladigan “koshona”ga aylangan. Xurshidbek ikkimiz tizzalarida o‘tirib erkalanardik.

Dadamning qirq yil avval aytgan hikoyasini yodlariga tutib yurgan Nozimjon otaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.”

Alloh o‘tganlarimiz ruhini shod etsin deya Qur’on tilovat o‘qib, Jomasho‘yga qaytdim.

 Abdunazar Burxonov,

 O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.