Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim!
Bugun, 28 dekabr, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavallud topgan kun. Agar so‘z zargari bo‘lgan sevimli shoirimiz hayot bo‘lganida bugun 85 yoshga to‘lar edi.
***
O‘ZBEGIM
Qasida
Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon, o‘zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.
So‘ylasin Afrosiyobu
So‘ylasin O‘rxun xati,
Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon, o‘zbegim.
Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Forob avlodidan,
Asli nasli balki O‘zluq,
Balki Tarxon, o‘zbegim.
O‘tdilar sho‘rlik boshingdan
O‘ynatib shamshirlarin
Necha xoqon, necha sulton,
Necha ming xon, o‘zbegim.
Tog‘laring tegrangda go‘yo
Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu,
Ikki daryo — ikki chashming,
Chashmi giryon, o‘zbegim.
Qaysari Rum nayzasidan
Bag‘rida dog‘ uzra dog‘,
Chingizu Botu tig‘iga
Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim.
Yog‘di to‘rt yondin asrlar
Boshingta tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o‘zbegim.
Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen — Muqanna, sarbador — sen,
Erksevar qon, o‘zbegim.
Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o‘zbegim.
Ma’rifatning shu’lasiga
Talpinib zulmat aro,
Ko‘zlaringda okdi tunlar
Kavkabiston, o‘zbegim.
Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek
Ko‘ragoniy jadvalin,
Sirli osmon tokiga ilk —
Qo‘ydi narvon, o‘zbegim.
Mir Alisher na’rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo‘ldi
Shohu sulton, o‘zbegim.
Ilmu she’rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O‘z elida chekdi g‘urbat,
Zoru nolon, o‘zbegim.
Mirzo Bobur — sen, fig‘oning
Soldi olam uzra o‘t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug‘yon, o‘zbegim.
She’riyatning gulshanida
So‘ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko‘z yosh,
Ko‘mdi armon, o‘zbegim.
Yig‘ladi furqatda Furqat
Ham muqimliqda Muqim,
Nolishingdan Hindu Afg‘on
Qildi afg‘on, o‘zbegim.
Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o‘zbegim.
Ortda qoldi ko‘hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o‘zbegim.
Bo‘ldi osmoning charog‘on
Tole xurshidi bilan,
Bo‘ldi asriy tiyra shoming
Shu’la afshon, o‘zbegim.
Men Vatanni bog‘ deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko‘z deb aytsam,
Bitta mujgon, o‘zbegim.
Faxr etarman, ona xalqim,
Ko‘kragimni tog‘ qilib,
Ko‘kragida tog‘ ko‘targan
Tanti dehqon, o‘zbegim.
O‘zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O‘zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o‘zbegim.
Men buyuk yurt o‘g‘lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lek avval senga bo‘lsam
Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksi osmon, o‘zbegim.
Qayga bormay boshda do‘ppim,
G‘oz yurarman, gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O‘zbekiston, o‘zbegim.
Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o‘g‘lingman, qabul et,
O‘zbegim, jon o‘zbegim.
***
KAMTARLIK HAQIDA
Garchi shuncha mag‘rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam
O‘tma g‘urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
O‘par doim peshonasidan.
SADOQAT
Keksa qarag‘ayning
Ildizin ochib,
Tortdilar qo‘sh arqon solib belidan.
Lekin u tuproqqa panjasin sanchib,
Sira qo‘zg‘almasdi
Ungan yeridan…
Nihoyat, gurs etib yerga quladi,
Butab, so‘ng ko‘tarib ketdilar,
Biroq -
U o‘z panjasida olib jo‘nadi
Yashagan yeridan
Bir siqim tuproq.