Jomboyda 189 ta shaxs javobgarlikdan ozod etildi
2020 yilning 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar mavzusida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz sud idorasiga kelgan har bir shaxs adolat borligiga ishonishi kerakligini alohida ta’kidladi. E’tiborlisi, sud tizimini “Bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.
Xo‘sh, bu nimani anglatadi. Sud boshqa davlat hokimiyati organlaridan mustaqil tizim hisoblanadi. U faqat va faqat qonunlarga, inson va fuqarolarning huquq-manfaatlari himoyasiga tayanib ish ko‘rishi zarur. O‘z nomi bilan ham sohaning mazmun-mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan “Ishlarni nazorat tartibida ko‘rish” amaliyoti sudlov organlari tamoyillariga mos kelmaydi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu amaliyotdan to‘liq voz kechilishi nazarda tutilmoqda. Tadbirda sudyalarning adolatli qaror qabul qilishiga ta’sir o‘tkazuvchi omillar, xususan, Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari, Prezident xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida bo‘lishi, yerga bo‘lgan huquq kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilash zarurligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi bir yarim yilda sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1730 ta qarori bekor qilingan. Shuningdek, yer munosabatlari bilan bog‘liq 1000, uy-joy buzilishiga doir 51, xususiylashtirishga oid 62 ta holatda fuqarolarning huquqi tiklangan.
Demoqchimizki, bundan buyon biz, sudyalar ham o‘z vazifamizga yanada ma’suliyat bilan yondashishimiz talab etiladi. Umuman, har bir sud organi amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobini yuritishi maqsadga muvofiq.
Jomboy tumani ma’muriy sudi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida odil sudlovni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 841 ta shaxsga nisbatan 652 ta ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar ko‘rildi. Shundan 381 shaxsga insonparvarlik tamoyili asosida yengil jazo chorasi qo‘llandi. Shuningdek, 189 ta shaxs javobgarlikdan ozod etilib, ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 104 ta ishni ko‘rib chiqish jarayonida sudlanuvchilarda huquqbuzarlik alomati bo‘lmaganligi yoki belgilangan qo‘shimcha muddatlarda holat bartaraf etilgani inobatga olindi.
Oldimizga aholi ichiga kirish, huquqbuzarliklar profilaktikasida faol ishtirok etish vazifasi ham bor. Binobarin, ishlarning qariyb 50 foizi sayyor tartibda o‘tkazilyapti.
Maqsadimiz xalqqa yanada yaqinroq bo‘lish, adolat tamoyillarining jamiyat hayotida mustahkam qaror topishiga erishishdir. Zero, bu qonun ustivorligini ta’minlashning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Umida VAHOBOVA,
Jomboy tumani ma’muriy sudi raisi.