Jomboylik ayollarga kasaba uyushmalari sovg‘a ulashdi

Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi mutasaddiligida tuzilgan Ishchi guruhi mart oyida Samarqand viloyatida o‘rganish ishlarini olib borgan edi.
Ishchi guruh mahallalarda bo‘lib, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar bilan uchrashib, ularning dardlarini, taklif va istaklarini eshitgan hamda shu asosida tegishli dasturlar ishlab chiqilgandi.
Birgina Jomboy tumanidagi 236 ta xonadondagi muammolarni hal etish bo‘yicha belilangan chora-tadbirlar dasturi bugun amalga oshirilmoqda.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov, Jomboy tumanidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylangan O‘.Saidmurodov va H.O‘roqov oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, oilasi uchun daromad topish istagini bildirgan 6 nafar xotin-qizga tikuv mashinalarini topshirdi. Shuningdek, tumandagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand ayollarning 13 nafariga kir yuvish mashinasi, 9 nafariga gaz plitasi va gaz ballon, 3 nafariga gaz plita, 4 nafariga televizor, 1 nafariga muzlatgichlar berildi.
A.ABDUSAIDOV.