Jomboylik murojaatchiga 10 million so‘mlik kredit ajratildi

Bugungi kunda fuqarolar tomonidan qilingan har qanday murojaatlar ko‘rib chiqilishi zamon talabiga aylandi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar tomonidan fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar olib borilmoqda. Pandemiya sharoitiga qaramasdan, fuqarolar tomonidan kasanachilik, yakka tartibdagi tadbikorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida imtiyozli kredit olish ilinjida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasiga ana shunday mazmundagi murojaatlardan biri Jomboy tumani Qo‘ng‘irot mahallasida yashovchi fuqaro Nilufar Allayorova tomonidan yuborilgandi.

Murojaatda fuqaro tikuv mashinalari xarid qilish, kichik tikuv sexi tashkil etish hamda 6 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, keyinchalik ushbu sex faoliyatini kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilgani bayon etilgan.

Mazkur murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, Jomboy tumani Xalq banki filiali hamkorligida ijobiy hal qilindi. Bo‘lg‘usi yakka tartibdagi tadbirkorga 10 million so‘m miqdorida 3 yillik muddatli imtiyozli ravishda 3 dona tikuv mashinasi olib berildi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.