Joriy yilda 7 marta yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi, shundan 4 martasi fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘ldi

Viloyat transport boshqarmasida “Juma – yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti kuni” munosabati bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari, Samarqand shahridagi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i I.Hamroyev va boshqalar yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga tegishli transport vositalari tomonidan 2018-2019 yillar davomida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili yo‘lovchi tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarining ehtiyotsizligi, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida 36 marta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Afsuski, shundan 9 tasida fuqarolarning halok bo‘lish holatlari kuzatilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa qoidabuzarliklar oqibatida 7 marta yo‘l-transport hodisasi kelib chiqqan. Bunda ham 4 marta fuqarolarning o‘limi bilan bog‘liq holatlar ro‘y bergan. Qolganlari og‘ir tan jarohati bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Tadbirda yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarning belgilangan jadval asosida faoliyat yuritmayotgani, ular o‘rtasida tezlikni oshirish oqibatida qoidabuzarliklar kelib chiqayotgani tanqid qilindi. Har kuni haydovchilarni tibbiy, transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tizimi izdan chiqqani muhokama etildi.

Tadbir davomida yo‘lovchi tashuvchi avtobus va taksilar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Samarqand shahrida viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar va bolalar o‘rtasida profilaktik tadbirlarni olib borish, yo‘lda to‘g‘ri harakatlanish talablarini keng ko‘lamda targ‘ib qilishga qaratilgan “Targ‘ibot avtokarvoni” tashkil etildi.

Bahriddin Xonkeldiyev.