YPX inspektoriga bo‘ysunmagan qoidabuzar haydovchi 6 ta transport vositasiga shikast yetkazdi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabr kuni soat 14:00 larda Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh va Movarounnahr ko‘chalari kesishmasida xizmat olib borayotgan YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan “Lacetti” rusumli avtomobil haydovchisi 30 yoshli T.A. harakatini davom ettirgan.

Shundan so‘ng u Mustaqillik shoh ko‘chasi bo‘ylab yuqori tezlikda harakatlanib, Oqqo‘rg‘on va Mustaqillik shoh ko‘chalari kesishmasiga yetgan vaqtida qoidabuzarligini davom ettirib, o‘zidan oldinda bo‘lgan 6 ta transport vositasiga texnik shikast yetkazgan. O‘zi esa yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagini ajratib turuvchi qismida, tungi vaqtda yoritish uchun o‘rnatilgan simyog‘ochga urilib to‘xtagan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tan jarohati olganlar yo‘q.

Qayd etilishicha, haydovchining me’yoriy hujjatlari to‘liq bo‘lmaganligi sababli YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, tezligini me’yoridan oshirib harakatlanganligi ma’lum bo‘ldi.