Samarqand viloyati “GAI”si noqonuniy bayonnoma uchun moddiy va ma’naviy zararlarni to‘laydigan bo‘ldi

2018 yil 17 may kuni Anvar (ism o‘zgartirilgan) boshqarib kelayotgan “Damas” rusumli avtomashinani Oqdaryo tumani Loyish shaharchasiga kirishda viloyat IIB yo‘l harakati boshqarmasi xodimi to‘xtatadi.

U haydovchiga “Yo‘l harakati qoidasi”ning 194 va 56-bandlarida ko‘rsatilgan talablarni buzib, sidirg‘a chizig‘i ustida harakatlangani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Oqdaryo tumani IIB YHXB unga nisbatan MJtK 128-moddasiga asosan 86 ming 120 so‘m ma’muriy jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Tabiiyki, Anvar jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. U ushbu holatdan norozi bo‘lib, Oqdaryo tumani ma’muriy sudiga shikoyat ariza bilan murojaat qiladi. Sudning hal qiluv qarori bilan yuqorida keltirilgan jarima tayinlash haqidagi qarori bekor qilinadi.

Shundan so‘ng Anvar jarima qaytarilmaganligi, IIB YHXB rahbariyati va boshqarma xodimining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida u haqiqat izlab idorama-idora yugurishga majbur bo‘lganligi, fuqarolik haq-huquqlarini oyoq osti qilishlari oqibatida juda katta ma’naviy zarar yetganligi, asablari surunkali ravishda buzilib, sog‘lig‘ini yo‘qotgani uchun fuqarolik sudiga da’vo ariza qo‘zg‘atib, moddiy va ma’naviy zararni undirishni so‘raydi.

Nizo boshidanoq Anvar tuzilgan ma’muriy bayonnoma yuzasidan o‘z huquqlarini talab qilgan. U tegishli ma’muriy bayonnomaga e’tirozlarini yozmoqchi bo‘lgan, biroq unga bunday imkoniyat berilmagan.

Oqdaryo tumani ma’muriy sudining hal qiluv qarori bilan yuqorida keltirilgan holat bo‘yicha Anvar asossiz ravishda, shoshma-shosharlik bilan ma’muriy jazoga tortilganligi sababli unga nisbatan tayinlangan jarima jazosi bekor qilinib, ish yuritish to‘xtatilgan.

Kassatsiya instansiyasi sudi Anvarga g‘ayriqonuniy ma’muriy jazo tayinlanib, asossiz ravishda jarimaga tortilganligi oqibatida u ma’naviy qayg‘urish va noqulaylikni boshidan kechirganligini, jarimani to‘lab moddiy zarar ko‘rganligini inobatga olib, javobgar Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasidan da’vogar Anvar foydasiga 86 ming 120 so‘m moddiy zarar, 1 million 500 ming so‘m ma’naviy zararni undirishni belgiladi. Shuningdek, 608 ming 190 so‘m dastlab to‘langan davlat boji, 16 ming 190 so‘m pochta xarajati ham IIB YHXBdan undiriladigan bo‘ldi.

B.XUDAYBERGANOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.